Qatarga o‘zbekistonlik mutaxassislarni jalb qilish jarayonlari soddalashtiradi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Agentlik direktori Behzod Musayev Toshkentda Qatarning Jusour rekruting kompaniyasi bosh direktori Abdulxadi Baxit Barkan bilan uchrashdi.

Tomonlar yil boshida imzolangan kelishuv ijrosi doirasida O‘zbekistondan mamlakatga malakali kadrlarni jalb qilish jarayonlarini yanada soddalashtirish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuvda Qatarda hamshiralik, qurilish, IT va telekomunikatsiya sohalariga yuqori talab mavjudligi ta’kidlandi. Jarroh mutaxassislarga esa Golden Visa taqdim etilishi alohida qayd etildi.

Shuningdek, Qatarning Tawzeef raqamli platformasini Migratsiya agentligining xorijdaish.uz platformasiga integratsiya qilish imkoni ko‘rib chiqildi.

Joriy yilda platformada Duty-Free savdo tarmog‘i hamda Qatar Airways kompaniyasidagi bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha e’lonlar joylashtirilib, nomzodlar rezyumelari Tawzeef’ga ham yuklandi. Agentlikning qayd etishicha, ushbu ishlar uchun ish beruvchilar tanlagan nomzodlar hozirda suhbat bosqichiga o‘tgan.

Qatar tomoni Migratsiya agentligining mutaxassislarni xorijda ishlashga tayyorlash bo‘yicha tajribasini yuqori baholab, bu yondashuv mamlakat uchun ham samarali bo‘lishini ta’kidladi.

Avvalroq Spot o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari Saudiya Arabistonidagi ishlarga jalb qilinishi haqida yozgandi.