Shavkat Mirziyoyevga 15 dekabr kuni suv xo‘jaligida energiya samaradorligini oshirish, ilmiy salohiyatni rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash ishlari yuzasidan axborot berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Eskirgan va energiya sarfi yuqori nasos agregatlarini zamonaviy, energiya tejamkorlariga almashtirish bo‘yicha rejalar ko‘rib chiqildi.

Masalan, Qoraqalpog‘istonda 274 ta nasos stansiyasi mavjud bo‘lib, ular orqali 185 ming gektardan ortiq yer maydonlari sug‘orilmoqda. Stansiyalardagi nasos agregatlarining yarmidan ko‘pi 1979 yildan buyon ishlab chiqarilgan uskunalardan iborat, ularning energiya sarfi zamonaviy nasoslarga nisbatan 2−3 barobar yuqori.

Kegeyli tumanidagi eski agregatlardan biri zamonaviy energiya tejamkoriga almashtirilganda, elektr energiyasining sarfi ikki barobarga kamaygan.

Ushbu ijobiy tajribadan kelib chiqib, Qoraqalpog‘istondagi 276 ta nasosni bosqichma-bosqich zamonaviy energiya tejamkor agregatlarga almashtirish rejalashtirilgan. Natijada yillik 25 mlrd so‘mga teng elektr energiyasi iqtisod qilinishi va loyiha sarf-xarajatlari 14 oy ichida o‘zini oqlashi taʼkidlandi.

Bu borada mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, Toshkent irrigatsiya universitetida erishilgan natijalar va kelgusidagi rejalar to‘g‘risida maʼlumot berildi. Hozirgi kunda universitetda 8682 nafar talaba tahsil olmoqda, 571 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda, ilmiy salohiyat darajasi 73,5% ni tashkil etadi.

Universitet xalqaro reytinglarda yuqori natijalarga erishib, THE World University Rankings 2026 reytingida dunyo universitetlari orasida 501-o‘rinni, Markaziy Osiyo va Kavkazorti mamlakatlari bo‘yicha 2-o‘rinni, O‘zbekistonda 1-o‘rinni egalladi, QS World University Rankings 2026 natijalariga ko‘ra esa 469-o‘ringa ko‘tarildi.

O‘tgan yilda universitet hududida 200 o‘rinli zamonaviy IT markazi barpo etildi, raqamli kutubxona va registrator ofisi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Universitetning taʼlim yo‘nalishlari besh yil muddatga xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi. O‘quv jarayoniga dunyoning TOP-300 taligidagi universitetlarni bitirgan yurtdoshlar va xorijiy professorlar jalb qilingan.

Kelgusida iqlim o‘zgarishini tahlil qilish uchun raqamli texnologiyalarga asoslangan milliy platforma yaratish, universitet hududida kosmik kuzatuv stansiyalari barpo etish, sunʼiy yo‘ldosh maʼlumotlarini qabul qilish infratuzilmasini rivojlantirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, universitetning Suv diplomatiyasi magistratura yo‘nalishiga xalqaro maqom berish ko‘zda tutilgan. Davlat rahbari Toshkent irrigatsiya universitetini dunyoning TOP-300 talik universitetlari qatoriga kiritish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqishni topshirdi.

Taqdimotda xalqaro hamkorlik masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. So‘nggi oylarda Toshkent shahri ichimlik suvi va oqova xizmatlarini yaxshilashga bag‘ishlangan birinchi Markaziy Osiyo konferensiyasi hamda Suv kodeksi ning kuchga kirishiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyaga mezbonlik qildi.

Ushbu tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida kelgusi yil mart oyida Toshkent xalqaro suv haftaligini o‘tkazish rejalashtirilgani maʼlum qilindi. Forum xalqaro institutlar va mintaqa mamlakatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish va “yashil” texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi.

Ushbu tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish va kelgusi yilda Orolbo‘yi hududida suv tejash texnologiyalariga bag‘ishlangan xalqaro forumga puxta tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.


Avvalroq Jizzax EIZda suv tozalash inshootini qurishga 100 mlrd so‘m ajratilishi aytilgandi.