Migratsiya agentligi va Belgiya Qirolligi Ichki ishlar federal xizmatining Immigratsiya idorasi o‘rtasida kelishuv hujjati imzolandi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Tomonlar Belgiyada O‘zbekiston fuqarolari uchun qonuniy mehnat imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Shuningdek, milliy migratsiya boshqaruv tizimiga Yevropa standartlari joriy etiladi. Belgiya tajribasi asosida o‘quv dasturlari O‘zbekistonda amalga oshiriladi.
Migratsiya jarayonlarining shaffofligi va samaradorligini oshirish maqsadida ikki idora o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatiladi.
Oktabr oyida Migratsiya agentilgi rahbari Behzod Musayev Serbiya o‘zbekistonliklar uchun yuqori daromadli ish o‘rinlarini ochishi haqida aytgandi.
Noyabr oyida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Migratsiya agentligida fuqarolarga tezkor yordam beradigan situatsion markaz tashkil etilishi taʼkidlangan edi.
Avvalroq Koreya noqonuniy xorijliklarga jarimasiz mamlakatdan chiqish imkonini bergandi.
Maʼlumot uchun, Immigratsiya idorasi — Belgiyaga kirish, yashash, ruxsatnomalar berish va xalqaro himoya masalalari bo‘yicha qaror qabul qiluvchi asosiy tuzilma hisoblanadi.
