2026-yilda O‘zbekiston yangi konlar hisobiga tabiiy gaz qazib olishning pasayishini to‘xtatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 11 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi chiqishida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yildan-yilga olib borilayotgan sa’y-harakatlarga qaramay, O‘zbekistonda gaz qazib olish sur’ati keskin pasaymoqda, chunki konlarning 85% ishlatilgan.
Natijada, prezidentning topshirig‘iga binoan geologik-qidiruv ishlari uchun qo‘shimcha mablag‘ va resurslar ajratilishi evaziga, Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida yangi kon ochildi. Ikki quduq ishga tushirilishi natijasida har kuni 3 mln kubometr gaz qazib olinmoqda.
Energetika vaziri bu boradagi ishlar davom etayotganini ta’kidladi. Joriy yil oxirigacha yana yettita quduqni burg‘ilash va ulash ishlarini yakunlash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi bilan hamkorlikda geologiya-qidiruv ishlari boshlangan.
“Umid qilamizki, 2026 yilda [tabiiy gaz] qazib olishning keskin qisqarish tendensiyasi barqarorlashadi va yangi konlar hisobiga ta’minlanadi”, — deya xulosa qildi Mirzamahmudov.
12-dekabr kuni Energetika vazirligi Mo‘ynoq tumanidagi 2-sonli izlov-qidiruv qudug‘idan sanoat miqyosida yuqori bosimli tabiiy gaz oqimi olingani, loyihaviy chuqurligi 5 ming metr bo‘lgan quduq 90 kunda xorijiy uskunalar va mahalliy mutaxassislar yordamida burg‘ilanib, kuniga 2,4 mln kub metr gaz qazib olinayotganini ma’lum qildi.
Shuningdek, boshqa istiqbolli chuqur quduqlarda ham burg‘ulash ishlari olib borilmoqda. Yil oxirigacha ulardan ham yuqori bosimli tabiiy gaz qazib olina boshlashi kutilmoqda.
Bugun boshqarma bor-yo‘g‘i 87 kun ichida burg‘ilangan 11-sonli chuqur quduqning gaz qazib chiqarishga tayyorligi haqida hisobot berdi. Burg‘ilash uskunalaridan tozalangan quduqni o‘zlashtirish ishlari yakuniy bosqichda bo‘lib, sanoat miqyosida tabiiy gaz olinishi kutilmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 10 oyida gaz qazib olish hajmi 35,5 mlrd kub metrni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilning mos davri bilan solishtirilganda 1,8 mlrd kub metrga, 2023-yildan esa 3,5 mlrd kub metrga kamaygan.
Avvalroq Qozog‘iston O‘zbekistonga neft tranzitini qayta tiklagani haqida xabar berilgandi.
Dekabr oyida KazTransOil kompaniyasi mamlakatga 35 ming tonnagacha neft jo‘natishni rejalashtirmoqda.
