2026-yildan boshlab migrantlarga alkogol va tamaki savdosi taqiqlanadi. Ularning qurilishda ishtirok etish ulushi ham kamayadi. Bu haqdagi qarorni bosh vazir Mixail Mishustin imzoladi.

Yangi qoidalarga binoan, ish beruvchilar xorijiy mutaxassislar sonini mintaqaviy va tarmoq cheklovlariga moslashtirishlari shart.

Xususan, hukumat bozorlarda va ko‘chma savdo nuqtalarida chakana savdoga chet ellik fuqarolarni jalb etishni, shuningdek, dorixonalarda dori-darmonlar sotishni taqiqlashni saqlab qoldi.

Yo‘lovchi va yuk tashish sohalarida mehnat migrantlari soni ushbu tarmoqlardagi jami ishchi kuchi ehtiyojining 24%idan oshmasligi kerak.

Qurilish sohasida hukumat chet ellik ishchilar chegarasini 80% dan 50% gacha, sabzavot yetishtirish sohasida 50% dan 40% gacha, o‘rmon xo‘jaligi va yog‘ochni qayta ishlash sanoatida esa 50% dan 40% gacha pasaytirdi.

Kompaniyadagi chet ellik ishchilar soni yangi belgilangan chegaralardan oshib ketsa, xodimlarning bir qismi bilan mehnat shartnomalari bekor qilinishi kerak bo‘ladi.

Agar kompaniyada xorijiy xodimlarning ulushi ruxsat etilgan foizdan ortib ketsa, ish beruvchi ma’muriy javobgarlikka tortiladi: mansabdor shaxslarga 45 mingdan 50 ming rublgacha, yuridik shaxslarga esa 800 mingdan 1 mln rublgacha jarima solinadi yoki 14 kundan 90 kungacha faoliyati to‘xtatib qo‘yiladi.

Iqtisodiyotning ayrim sektorlarida mehnat muhojirlari ulushini cheklash rossiyaliklarni ish bilan ta’minlash uchun ustunlikni ta’minlash zarurati bilan bog‘liq, deb hisoblaydi Rossiya hukumati huzuridagi Moliya universiteti professori Aleksandr Safonov.

“Bu juda oqilona qaror, chunki mehnat muhojirlari mahalliy ishchilarga raqobat yaratadi. Biroq, bu chora-tadbirlarning umumiy samaradorligini faqat kelgusi yil oxiriga yaqin, vatandoshlarimiz iqtisodiyotning aynan qo‘shimcha cheklovlar joriy etilayotgan sohalarini tanlashga qanchalik tayyor ekanligi ma’lum bo‘lgandagina baholashimiz mumkin”, — deydi ekspert.

Avgust oyida Sankt-Peterburgda migrantlarga kuryerlik qilish taqiqlangani haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, taqiq yashirin bandlikka qarshi kurash va mahalliy aholiga ish o‘rinlari yaratish maqsadida joriy etilmoqda.

Bundan oldin esa, Sankt-Peterburgda migrantlarga taksichilik qilish taqiqlangan edi. Tashish xizmatlariga migrantlarni Rossiya fuqarolari bilan almashtirish uchun uch oy vaqt berildi.

2026-yilda Orenburg viloyatida chet el fuqarolarining shahar va shahar atrofi yo‘lovchi tashish xizmatlarida (quruqlik transporti), yengil taksi va haydovchi bilan ijaraga olingan yengil avtomobillarda ishlashiga taqiq joriy etiladi. Bundan tashqari, yangi yildan boshlab migrantlar ta’lim sohasida ham faoliyat yurita olmaydilar.