Raqobat qo‘mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi Mama Znayet xorijiy korxonasi murojaati asosida Ahangaron Hygienic Pro korxonasi faoliyatini o‘rgandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Murojaatda korxonaga tegishli Mama Znayet tovar belgisi Mama Lyubit nomi ostida ishlatilgani, bu esa iste‘molchilarni chalg‘itayotgani qayd etilgan.
O‘rganish jarayonida mazkur belgilar adashtirib yuborish darajasida o‘xshash ekani hamda bu holat Mama Znayet tovar belgisiga bo‘lgan mutlaq huquqlar buzilishiga olib kelayotgani aniqlangan.
Natijada Ahangaron Hygienic Pro korxonasi “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun ning 21-moddasi talablarini buzgan deb topildi.
Hududiy boshqarmaning maxsus komissiyasi tomonidan korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Ma‘lumot uchun, hukumat qarori (694-son) bilan tasdiqlangan insofsiz raqobatni aniqlash metodikasiga ko‘ra, avval muomalaga kiritilgan tovarlarning nomi, tashqi bezagi, etiketkasi, ranglar uyg‘unligini takrorlash orqali iste‘molchilarni chalg‘itish insofsiz raqobat belgilaridan biri hisoblanadi.
Noyabr oyida Adliya vazirligi “Smekta” dori vositasining soxta ishlab chiqaruvchisiga 41 mln so‘m jarima solgandi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi BFQ reklamasida qonunbuzar korxonani jarimaga tortgandi.
