Raqobat qo‘mitasi ko‘p shikoyatlarga sabab bo‘layotgan xususiy ta’lim markazlari ro‘yxatini tuzdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
2024−2025-yillarda nodavlat taʼlim xizmatlari yuzasidan 1,2 mingga yaqin murojaat qabul qilingan. Raqobat qo‘mitasi ular asosida tizimli monitoring va tahlil ishlari olib bormoqda.
Taʼkidlanishicha, eng ko‘p shikoyatlar qator o‘quv markazlari va onlayn taʼlim platformalari faoliyatiga to‘g‘ri kelgan.
Ularning asosiy qismi quyida keltirilgan:
- Newton Academy, NewTone School;
- MyTeacher onlayn ingliz tili kursi;
- Prep.uz onlayn rus tili kursi;
- Badavlat ayol loyihasi;
- Qadam Education o‘quv markazi;
- Lerna, Skillbox, GeekBrains;
- Interno Edu;
- Englify;
- Niyat Education;
- Sevenedu onlayn til markazi.
Tahlillarga ko‘ra, ayrim xususiy taʼlim xizmatlarida taʼlim sifati qoniqarsizligi, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun to‘lov undirilishi, shartnoma shartlari hamda pulni qaytarish tartibi bo‘yicha yetarli maʼlumot berilmasligi kabi holatlar aniqlangan.
Shuningdek, Uzum Nasiya, Shaffof moliya, Paylater va boshqa muddatli to‘lov platformalari orqali tuzilgan shartnomalarni bekor qilishda qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani, reklamada berilgan vaʼdalar amalda bajarilmayotgani bo‘yicha ham eʼtirozlar bildirilgan.
Raqobat qo‘mitasi xususiy taʼlim tashkilotlarini qonunchilik, litsenziya talablari hamda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonunlarga qatʼiy rioya etishga chaqirdi. Nazorat organi har qanday huquqbuzarlik uchun qonunchilikda javobgarlik belgilanganini eslatib o‘tgan.
Isteʼmolchilarga xususiy taʼlim xizmatlaridan foydalanishda litsenziya va ruxsatnomalarni oldindan tekshirish, shartnoma shartlarini, ayniqsa to‘lov va pulni qaytarish tartibini diqqat bilan o‘rganish, onlayn shartnomalarni imzolash va to‘lov qilishga shoshmaslik tavsiya etilmoqda.
Bundan tashqari, ochiq manbalardagi foydalanuvchi fikrlari bilan tanishish, imkon bo‘lsa, sinov darslarida ishtirok etish va oflayn darslar o‘tkaziladigan joyni ko‘zdan kechirish tavsiya qilindi.
Avvalroq Toshkent viloyatida Mama Znayet tovar belgisiga o‘xshash nomdan foydalangan korxona jarimaga tortilgandi.
