O‘zbekistonda 38 ming xonadondan iborat noqonuniy qurilgan ko‘p qavatli uylar mavjud. Bu haqda 17-dekabr kuni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ma’lum qildi.

“2018−2019 yillardan bugungi kunga qadar mamlakatda 38 mingta xonadondan iborat ko‘p kvartirali uylar noqonuniy qurilgan”, — dedi u.

Vazir noqonuniy deb topilgan uy-joylarni aniqlash mezonlarini sanab o‘tdi:

  • yer ajratish bo‘yicha ruxsatnoma yoki hokim qarorisiz qurilish olib borilishi;
  • loyihaning Arxitektura-shaharsozlik kengashida ko‘rib chiqilmaganligi;
  • obyekt xavfsizligini belgilovchi davlat ekspertizasidan o‘tkazilmaganligi;
  • hukumat huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini nazorat qilish inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tkazilmaganligi.

Hidoyatovning so‘zlariga ko‘ra, 38 ming xonadonli noqonuniy qurilgan uy-joylar bo‘yicha ishchi guruh tuzilgan. Uning vakillari joylarga chiqqan holda obyektlarning seysmik mustahkamligini o‘rganadi. Bunda malakali konstruktorlar ishtirokida texnik tekshiruv shaklida instrumental tekshiruv o‘tkaziladi. Undan keyin boshqa masalalar ko‘rib chiqilib, zarur hujjatlar rasmiylashtiriladi.

“Bu obyektlar noqonuniy qurilgani uchun huquqni muhofaza qilish organlari bilan birgalikda ularga jarima va boshqa choralar qo‘llaniladi. Bu bo‘yicha nazorat inspeksiyasi tomonidan ishlar olib borilmoqda”, — dedi vazir.

Uning aniqlik kiritishicha, 38 mingta xonadon ham allaqachon qurib bitkazilgan, ham qurilishi davom etayotgan uylarga to‘g‘ri keladi. Ularni qabul qilish masalasi bo‘yicha prezident topshirig‘iga asosan maxsus komissiya ishlamoqda. “Bu obyektlarning ko‘p qismi aholiga sotilgan”, — deya qo‘shimcha qildi Hidoyatov.

Yozda Toshkent shahar hokimligi 59 ta noqonuniy obyektda qurilish ishlari to‘xtatilganini ma’lum qilgandi. Eng ko‘p noqonuniy qurilishlar Yangihayot tumanida aniqlangan. Kuchli uchlikka Mirobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlari kirdi.

Avvalroq Spot qurilish vaziri Toshkentdagi qurilish jarayonlarining atrof-muhitga ta’siri 6% ni tashkil etishini aytgani haqida yozgandi.