Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritiladi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov 17-dekabr kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ma’lum qildi.
Mustang yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i egasi Komiljon Islomov auksion orqali Sergeli tumanidan yer sotib olgani, biroq, hudud bosh rejaga muvofiq konservatsiya toifasiga kiritilgani bois hozir qurilish ishlarini amalga oshirish imkoni yo‘qligini qayd etdi.
“Bu, menimcha, Toshkent shahridagi juda katta muammo. Bunga qandaydir yechim bormi yoki yo‘q”, — dedi u va yer uchastkasi E-auksion elektron onlayn-maydonchasiga qo‘yilib, u orqali sotib olinganiga aniqlik kiritdi.
Qurilish vaziri Toshkent bosh rejasi tasdiqlanishidan oldin auksionga qo‘yilgan yerlar mavjudligini tasdiqladi. Hozirgi kunga kelib, bunday yerlar konservatsiya zonalari hisoblanishi yoki qavatlarga qo‘yiladigan cheklovlar to‘g‘ri kelmasligi mumkin.
Sherzod Hidoyatov hozirda ushbu masala bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi bilan birgalikda ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.
“Bunda mumkin bo‘lgan joylarga ruxsat berish nazarda tutilmoqda. Ammo imkoni bo‘lmaydigan joylar uchun hokimlik tomonidan mablag‘lar qaytarib beriladigan [tizim] ishlab chiqilmoqda. Qaror bir oy ichida chiqariladi, shundan so‘ng hujjat qabul qilingunga qadar auksionga qo‘yilgan yerlar bo‘yicha bosh rejaga o‘zgartirishlar kiritiladi”, — dedi vazir.
Toshkent bosh rejasi
2024-yil oxirida Toshkentning 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasi tasdiqlanib, unda poytaxt hududi uchta — konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratilgandi. Joriy yilning iyun oyida Toshkent hokimligi prezidentga binolarning ruxsat etilgan balandligi bo‘yicha talablarga zid bo‘lgan ayrim qurilish loyihalarini taqdim etgandi.
Iyul oyida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Aziz Halilov Spot bilan suhbatda Toshkent bosh rejasiga binolarning qavatlari soniga oid o‘zgartirishlar kiritilishi mumkinligini ma’lum qildi.
“Hozirda bosh rejaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Chunki unda ayrim hududlar uchun belgilangan [eskirgan me’yorlar] mavjud. Masalan, faqat besh qavatli bino qurilishi nazarda tutilgan joylarda 16 va undan baland bino-inshootlarni qurish imkoniyati bor”, — dedi u.
Qurilish vazirligi vakilining tushuntirishicha, bosh rejada binolarning ruxsat etilgan qavatlar soni muayyan hududning zilzilaga chidamliligini hisobga olgan holda belgilanadi. Loyihalarni amalga oshirishdan oldin ular ilmiy-tadqiqot institutlarida majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi, qurilish uchun ruxsatnomalar esa tasdiqlangan bosh rejaga qat’iy muvofiq beriladi.
Spot muxbirining poytaxt bosh rejasiga kiritilishi mumkin bo‘lgan o‘zgartirishlar haqidagi aniqlashtiruvchi savoliga Halilov “bunday ehtimol bor” deb javob berdi. Ekspert xulosalari asosida yakuniy qaror qabul qilinadi.
17-iyul kuni qurilish sohasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda Murad Buildings asoschisi Murod Nazarov bosh rejaga o‘zgartirishlar kiritilishini ma’lum qildi. Xudo xohlasa, yaqinda [o‘zgartirishlar] e’lon qilinib qoladi", — dedi tadbirkor.
Bunga javoban Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Murod Nazarovning takliflari asosida Toshkent shahrining bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritishni rejalashtirmayotganini bildirdi. Qurilish vaziri o‘rinbosari Davron Odilovning ta’kidlashicha, “vazirlik kun tartibida poytaxt bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritilmagan”.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda 38 ming xonadonga ega noqonuniy uylar aniqlangani haqida yozgandi.
