Soliq qo‘mitasi uy-joylarni sotish narxini pasaytirib ko‘rsatish holatlari sababli ko‘chmas mulk obyektlari bo‘yicha soliq bazasini bozor qiymati asosida aniqlash amaliyoti joriy etilganini izohladi. Bu haqda 17-dekabr kuni qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ma’lum qildi.

O‘zbekiston quruvchilar uyushmasi raisi Mansur Niyozmuhamedov prezidentning yaqinda qabul qilingan farmoni (PF-246) bilan 2026-yil 1-yanvardan boshlab ko‘chmas mulk obyektlari va qurilish materiallari bo‘yicha soliq bazasini tovarlarning bozor qiymatidan kelib chiqqan holda aniqlash amaliyoti joriy etilayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu obyektning joylashgan hududi va joyidan kelib chiqib belgilanadi.

Niyozmuhamedovning ta’kidlashicha, Toshkent shahri beshta hududga, uy-joylar esa bir nechta — ekonom, komfort va premium kabi segmentlarga bo‘linadi. Shundan kelib chiqib, uyushma raisi quruvchilar yangi tartib doirasida qanday mexanizm asosida ishlashiga qiziqdi.

“Masalan, kimdir uy-joyning har bir kvadrat metrini $800 dan, boshqasi esa $2000 dan sotayotgan bo‘lsa, soliq bazasi qanday aniqlanadi?”, — dedi u.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov avvalroq Soliq qo‘mitasiga uy-joylarning minimal narxlarini ularning tannarxidan kelib chiqib, yer qiymatini hisobga olmagan holda joriy etish taklif qilinganini aytdi: beton uylar uchun — 4,6 mln so‘m, g‘ishtli uylar — kv.metri uchun 5,6 mln so‘m. “Bundan arzon uy yo‘q”, — deya aniqlik kiritdi u.

Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyevning tushuntirishicha, yangi tartib tegishli idoralar bilan birgalikda ishlab chiqilgan, hozirda hukumat tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Mexanizm segmentiga qarab, uy-joylarning minimal o‘rtacha narxlaridan kelib chiqadi.

“Siz aytayotgan [har kv.metri] $800 yoki $2000 ga sotiladigan [uy-joylar] bo‘lsa, qani edi? Bizda shunday holatlar borki, masalan, Mirzo Ulug‘bek tumanida ayrim yaxshi qurilgan uylarning har bir kvadrati 14 ming so‘mdan sotilgan. Bu 40 mln so‘mga 200 kv.metrlik kvartira sotilgan, degani. Bunday holat bilan siz aytayotgan $800 yoki $2000 lik holat o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor”, — dedi Abdiyev.

Qo‘mita raisi o‘rinbosari yangi tartib kvadrat metri $800 yoki $2000 dan sotilayotgan uy-joylarga ta’sir qilmasligiga ishontirdi. “O‘rtacha narx belgilanadi, undan balandiga [soliq organlarida] hech qanday e’tirozlar bo‘lmaydi”, — deya ta’kidladi u.

Quruvchilar uyushmasi rahbari esa o‘rtacha narxlardan voz kechib, uy-joylarni segmentlashga o‘tishni taklif qildi va tegishli takliflar Qurilish vazirligiga allaqachon yuborilganini ta’kidladi. Har bir klassifikatsiya doirasida uy-joy mos kelishi kerak bo‘lgan asosiy talablarni tasdiqlash taklif qilinmoqda.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov eksrou tizimi ishga tushirilgach, loyiha to‘liq ekspertizadan o‘tkazilishi kerakligini aytdi. Soliq bazasi marja va tannarx o‘rtasidagi farq sifatida aniqlanadi.

“Bundan hech kim qochib qutulolmaydi. Masala, shu orqali hal qilinadi”, — deya xulosa qildi u.

“Soya"dagi qurilish

O‘zbekistonda qurilish sohasida kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 41% ga — 97 trln so‘mga baholanmoqda. Bunda, yashirilgan soliqlar 1,2 trln so‘mni, talon-toroj qilingan mablag‘lar esa 203 mlrd so‘mni tashkil etadi.

O‘tgan yili bitimlarning 17%ida uy-joyning kvadrat metri narxi 8 mln so‘mdan oshgan bo‘lsa, 83%ida u pastroq bo‘lib qoldi — 39% holatda 5 mln so‘mgacha, 44%ida esa 5−8 mln so‘m oralig‘ida.

Turar joylarning oldi-sotdisida qiymatni pasaytirib ko‘rsatish oqibatida 126 ming kvadrat metr uy-joy (10 mingta xonadon) har kvadrat metri uchun atigi 1,2 mln so‘mdan ($100 dan kam) rasmiylashtirilgan. Natijada, ana shunday uy-joylardan 1,9 trln so‘m soliq tushumi ta’minlanmagan.

914 ta obyekt qurilishida ishlar hajmi kamaytirib ko‘rsatilgani sababli budjetga 243 mlrd so‘m tushmagan, o‘z muddatida qurilgan 1,5 mingta obyekt hisobga qo‘yilmagani sababli 200 mlrd so‘m mol-mulk va yer solig‘i hisoblanmagan.

6,3 mingta obyektda 1 nafardan ko‘p bo‘lmagan xodimlar mavjud. Bundan tashqari, 32,4 mingta obyektda 5,7 trln so‘mlik qurilish materiallari ustav kapitaliga ulushdor sifatida rasmiylashtirilgan holda soliqdan qochish holatlari aniqlangan.

Avvalroq Spot Toshkent bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritilishi haqida yozgandi.