Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi (FNQIZ) Qozog‘istondan qayta tiklangan tranzit doirasida neft qabul qilishni boshladi. Bu haqda zavod matbuot xizmati xabar berdi.
Korxona dekabr oyida O‘zbekiston ichki bozori uchun neft mahsulotlarini barqaror ishlab chiqarishni taʼminlash uchun 35 ming tonnagacha xomashyo yetkazib berilishini kutmoqda.
Maʼlum qilinishicha, yetkazib berish hajmlari bozor konyunkturasiga qarab oshirilishi mumkin. Erishilgan kelishuvlarga ko‘ra, qulay sharoitlarda neft yetkazib berish yillik 500 ming tonnagacha yetishi prognoz qilinmoqda.
Shuningdek, qo‘shimcha xomashyo hajmlari zavodning ishlab chiqarish quvvatini oshirishi kutilmoqda. Natijada ichki isteʼmol uchun benzin, dizel yoqilg‘isi, aviakerosin va moylar ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirish imkoni yaratiladi.
Yaqinda Kaztransoyl O‘zbekistonga neft tranziti qayta tiklangani, mamlakatga 35 ming tonnagacha neft jo‘natish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, yil oxirigacha Qirg‘izistonga 30 ming tonnagacha neft yetkazib beriladi.
Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha neftni tashish magistral neft quvurlari tizimi bo‘yicha “Shag‘ir” neft quyish punktigacha amalga oshiriladi, u yerda neft temir yo‘l sisternalariga quyiladi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 10 oyi davomida neft va neft mahsulotlari importi 1,7% ga — $1,63 mlrdgacha kamaygan. Shu bilan birga, neft va neft mahsulotlari eksporti $541,3 mlnni (o‘sish 7,7%) tashkil etdi.
Qozog‘iston hududi orqali an’anaviy tarzda Rossiya nefti O‘zbekistonga yetkazib beriladi. 2024-yilda tranzit hajmi rejalashtirilgan 500 ming tonnadan 550 ming tonnagacha ko‘paydi.
Avvalroq Quvayt O‘zbekiston aviakompaniyalari uchun aviatsiya yoqilg‘isi yetkazib berishi mumkinligi haqida aytilgandi.
