Texas bosh prokurori Ken Pakston beshta yirik smart-televizor ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga qarshi da’vo qo‘zg‘atdi. Bu haqda u rasmiy saytida xabar berdi.

U ularni tomoshabinlar haqidagi ma’lumotlarni yashirincha to‘plash va sotishda aybladi. Ushbu kompaniyalar — Sony, Samsung, LG, Hisense va TCL bo‘lib, hokimiyat vakillarining fikricha, ularning qurilmalari allaqachon ko‘ngil ochar vositalar doirasidan chiqib ketgan.

Pakstonning ta’kidlashicha, zamonaviy aqlli televizorlar “shunchaki kontent ko‘rish vositasi emas, balki millionlab amerikalik xonadonlardagi ommaviy kuzatuv tizimiga aylangan”.

Dushanba kuni uning idorasi beshta ishlab chiqaruvchi kompaniyaga qarshi shtat sudlariga da’vo arizasi topshirdi. Ularga Kontentni Avtomatik Aniqlash (Automatic Content Recognition, ACR) texnologiyasidan noqonuniy foydalanganlik aybi qo‘yilmoqda.

Bosh prokurorning aytishicha, ACR texnologiyasi televizorlarga foydalanuvchilarning aynan nimani tomosha qilayotganini kuzatish imkonini beradi — bu striming xizmatlarida, kabel televideniyesi orqali va hatto o‘yin konsollari kabi ulangan qurilmalar orqali ham amalga oshiriladi.

Da’volarda ta’kidlanishicha, bu ma’lumotlar keyinchalik foydalanuvchilarning xulq-atvor profillarini tuzish uchun ishlatiladi va reklama beruvchilarga sotiladi.

Sony’ga qarshi da’vo arizasida prokuror kompaniya “iste'molchilar nimani tomosha qilayotganini yashirincha kuzatib borayotgani,” ma’lumotlarni yig‘ish jarayonining o‘zi esa “qasddan va tijorat maqsadida” ekanligini ta’kidlaydi.

Xuddi shunday ayblovlar Samsung, LG, Hisense va TCL kompaniyalariga qarshi da’volarda ham mavjud. ACR funksiyasi faollashtirilganda, smart-TV, prokuratura ta’biri bilan aytganda, “passiv ko‘ngilochar manbaga emas, balki tinimsiz kuzatuv qurilmasiga” aylanadi.

Pakstonning fikricha, kompaniyalar shtatning iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunini buzmoqda: ular yo ma’lumotlarni to‘plash haqidagi axborotni yetarli darajada oshkor qilmayapti, yoki foydalanuvchilarning roziligini aldov yo‘li bilan yoxud chalg‘ituvchi usulda olmoqda.


Avvalroq odamlar nimani tomosha qilishni tanlash uchun 110 soat vaqtini izlanishga sarflayotgani haqida tadqiqot e’lon qilingandi.

Ma’lum bo‘lishicha, hozir film yoki oddiy videoni tanlash 10 yil oldingiga qaraganda qiyinlashgan — kontent juda ko‘payib ketgan. Aqlli algoritmlar esa ekranni keraksiz videolar bilan to‘ldirib tashlamoqda.