Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish va kelgusi yilga yangi marralarni belgilab olishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgani haqida yozgandi.
So‘nggi 9 yil ichida poytaxtda xizmatlar hajmi har yili 20% dan ko‘proqqa o‘sib, $30 mlrdga yaqinlashdi. Prezident bu ko‘rsatkichni kelgusi yilda $38 mlrdga, 2027-yilda esa $45 mlrdga yetkazish bo‘yicha topshiriq berdi.
Bu yil 26 ta ko‘cha tunu kun ishlaydigan bo‘ldi. Ularda 1 ming 200 ta savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari joylashtirilgan bo‘lib, 5 ming kishi ish bilan ta’minlangan.
Prezident tomonidan kelgusi yilda yana 18 ta shunday ko‘cha tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, banklarning 100 ta yangi yuqori qiymatli ijtimoiy, “yashil,” texnologik va turizm xizmatlarini jozibador shartlarda moliyalashtirish bo‘yicha tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Chilonzorda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida yiliga 15 ming kishini o‘qitish imkoniyatiga ega markaz ishga tushirildi. Umumiy ovqatlanish va boshqa xizmat ko‘rsatish sohalarida shunday markazlar tashkil etib, yiliga 5 ming nafar aholini bepul o‘qitish, 100 ta mahallada kovorking markazlari, o‘quv xonalari va kurslar ochib, 10 ming nafar yoshlarni qamrab olish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Bugungi kunda Toshkent shahrida 75 ta maktab va bog‘chaga, 23 ta sport obyektiga ehtiyoj mavjud. Tuman hokimlari jalb qilingan mablag‘lar hisobidan har yili bittadan maktab, bog‘cha va bitta sport inshooti quradi, qolgan 15 ta maktab va bog‘cha, 11 ta sport inshooti investitsiya dasturi doirasida barpo etiladi.
Kelgusi yilda davlat kafolatisiz infratuzilma loyihalariga xorijdan yana $300 mln jalb qilish rejalashtirilgan.
Joriy yildan boshlab Toshkent shahrining har bir tumanida bittadan maktabda ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha “Toshkent tajribasi” boshlandi: 7−11-sinflarda 1,5 ming nafar o‘quvchi tanlab olinib, ularni IT, tibbiyot, biznes va muhandislik kabi yo‘nalishlarda o‘qitish tashkil etildi. O‘qituvchilarga o‘quvchilarning o‘zlashtirishiga qarab oyiga 20 mln so‘mgacha maosh to‘lanadi.
Prezidentimiz bu tajribani kengaytirib, kelgusi yilda bunday maktablarni 24 taga, 2027-yilda 33 taga yetkazish vazifasini qo‘ydi.
Avvalroq Toshkentga kirishdagi 2 ta nazorat posti shahar tashqarisiga ko‘chirilib, 3 tasi rekonstruksiya qilinishi haqida xabar berilgandi.
Bu yerda parkovkalar qurilib, poytaxtga kelganlar avtomobilini shu yerda qoldirib jamoat transportida harakatlanadi.
