Prezidentning tegishli farmoni bilan O‘zbekgidroenergo kompaniyasi boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov O‘zbekneftgaz boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Sanginov O‘zbekneftgaz'ni qariyb 4 yil davomida boshqargan Bahodirjon Sidiqov o‘rnini egallaydi. Sidiqovning o‘zi esa boshqa ishga o‘tgani aytilmoqda. Biroq, hali rasman tasdiqlangani yo‘q.

Abdug‘ani Abduraxmonovich Sanginov 2017-yilning mayida O‘zbekgidroenergo kompaniyasi raisi etib tayilangan. Ungacha u Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining O‘zsuvenergo birlashmasi boshlig‘i bo‘lgan.

Bahodirjon Baxromovich Sidiqov neft-gaz sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega. U 1999-yilda O‘zLITIneftgaz'da texnik sifatida ish boshlagan, u yerda bo‘lim boshlig‘i lavozimigacha ko‘tarilgan, keyinchalik 2006−2007-yillarda O‘zog‘irneftgazkimyoloyiha institutida loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini baholash bo‘limiga rahbarlik qilgan.

So‘ngra, 2007−2009-yillarda Iqtisodiyot vazirligida yoqilg‘i-energetika majmuasini rivojlantirish uchun mas‘ul bo‘lgan. Keyinchalik O‘zbekneftgaz'ning sho‘ba korxonasi — Neftgazinvest’ga o‘tgan, 2010−2016-yillarda esa Uzbekistan GTL kompaniyasida (korporativ masalalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari va direktori, moliyaviy direktor sifatida) faoliyat yuritgan.

2016-yilda Sidiqov Neftgazinvest’ga qaytib, shu bilan birga O‘zbekneftgaz'da prognozlash, resurslar va investitsiya dasturlari boshqarmasiga rahbarlik qilgan. Keyingi yili u O‘zbekneftgaz'ning istiqbolli rivojlanish va investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini egallagan, 2018-yilda esa Vazirlar Mahkamasining geologiya, yoqilg‘i-energetika, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari axborot-tahlil departamentiga rahbarlik qilgan.

2019−2020-yillarda Sidiqov O‘zbekneftgaz boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan. 2020−2021 yillarda Energetika vazirligi qoshidagi Neft-gaz tarmog‘ini isloh qilish bo‘yicha loyiha ofisi bosh mutaxassisi, direktori o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan. 2021−2023 yillarda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Yoshlik I konini o‘zlashtirish loyiha ofisi direktori bo‘lgan.

2023-yil mart oyida Sidiqov Hisob palatasiga qaytgan Mehriddin Abdullayev o‘rniga O‘zbekneftgaz rahbari vazifasini bajaruvchi sifatida yana ishga qaytdi. U o‘sha yilning iyul oyida rahbar lavozimiga tasdiqlanadi.

Spot, avvalroq, Alisher Sultonov prezidentning energetika xavfsizligi bo‘yicha vakili lavozimini tark etgani haqida yozgandi.