Shavkat Mirziyoyev 17-dekabr kuni fuqaro va tadbirkorlarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini raqamlashtirish masalalariga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
2021-yilda Konstitutsiyaviy sud to‘g‘risidagi qonun yangi tahrirda qabul qilinib, samarali konstitutsiyaviy nazorat tizimi yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, Konstitutsiyaviy sud o‘z vakolatlarini to‘laqonli amalga oshirishini taʼminlash bo‘yicha islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish zarurligi qayd etildi. Taqdimotda bu boradagi takliflar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, Konstitutsiyaviy sud tomonidan har yili mamlakatda konstitutsiyaviy qonuniylikni mustahkamlash bo‘yicha taqdim etib boriladigan taklif va tavsiyalarni amalga oshirishning samaradorligi oshiriladi.
Bunda Konstitutsiyaviy sud tomonidan fuqaro va tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartib-taomillari maqbullashtiriladi, sansalorliklar bartaraf etiladi.
Shuningdek, “konstitutsiyaviy shikoyat” instituti samaradorligini oshirish va murojaat etuvchilarning sud himoyasini taʼminlash maqsadida sud ishida qo‘llanilgan qonun Konstitutsiyaga muvofiq emas deb topilgan taqdirda tegishli sud hujjatini qayta ko‘rib chiqish tartibini joriy etish taklif qilindi.
Taqdimotda Konstitutsiyaviy sud faoliyatini raqamlashtirish orqali aholiga qulaylik yaratish masalalari ham muhokama qilindi.


Xususan, Konstitutsiyaviy sud majlislarida masofadan onlayn tarzda ishtirok etish, sud majlislarini internet orqali translyatsiya qilib borish, vazirlik va idoralar o‘rtasida elektron axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Konstitutsiyaviy sudning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, xorijiy mamlakatlarning konstitutsiyaviy sudlari bilan hamkorlikni mustahkamlash muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Sudning Osiyo konstitutsiyaviy sudlari assotsiatsiyasiga raisligi doirasida mamlakatda va xorijda xalqaro tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Odil sudlovni taʼminlashga oid boshqa masalalar, xususan, iqtisodiy va maʼmuriy sudlarni aholi hamda tadbirkorlarga yana-da yaqinlashtirish ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, ushbu sudlarga murojaat qilishda eksterritorial sudlovga tegishlilikni avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali hal qilish tashabbusi ilgari surildi.
Prezident takliflarni qo‘llab-quvvatlab, ularni sifatli va tizimli amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Avgust oyida O‘zbekistonda sud ishlarida sunʼiy intellekt texnologiyalari joriy etilishi belgilangandi.
Avvalroq prezident O‘zbekiston poytaxtining maqomi to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish vaqti kelganini aytgandi.


