Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 17-dekabr kuni ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish va hududlarda kompleks ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlarini kengaytirishga qaratilgan takliflar bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Prezidentning ijtimoiy himoya bo‘yicha maslahatchisi — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida davlat rahbariga ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatishning yangi tizimi taqdim etilganini ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, oilalarni davlat ta’minotidagi, mehnat layoqati past bo‘lgan, kambag‘al hamda kambag‘allik chegarasidagi toifalarga ajratgan holda manzilli ishlash mexanizmlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
“Loyihaga ko‘ra, davlat ta’minotidagi oilalarga bandlik talabisiz ijtimoiy yordam ko‘rsatish nazarda tutilmoqda. Mehnat qilish imkoniyatiga ega kambag‘al oilalarga esa yordam berish bilan birga, ishlash talabi joriy etiladi. Agar bunday oilalar olti oy davomida band bo‘lmagan yoki taklif etilgan ishlarda ishlamaydigan bo‘lsa, ularga nafaqa va ijtimoiy yordamlar to‘xtatiladi. Olti oy davomida ishlaganlarga ijtimoiy yordamlar davom ettiriladi”, — dedi Olloyorov.
Shuningdek, loyihada daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan yuqori, lekin kambag‘allik chegarasida bo‘lgan oilalarni ham davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, Mansurbek Olloyorov davlat ta’minotidagi oilalar uchun ijtimoiy paketlar doirasida qo‘shimcha imkoniyatlar belgilanayotganini qayd etdi. Xususan, ularga o‘z tomorqalaridan foydalangan holda bandligini ta’minlash uchun Kambag‘allikni qisqartirish jamg‘armasi hisobidan moliyaviy instrumentlar ajratish rejalashtirilgan.
Avvalroq Spot 2026-yildan nogironligi borlarga 30 mln so‘mgacha foizsiz qarz berilishi haqida yozgandi. Imkoniyati cheklangan va nogironligi bor shaxslar kambag‘allik reyestridan chiqarilib, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

