Marshall orollari har bir fuqaroga har chorakda $200 beradigan shartlarsiz asosiy daromadning umummilliy dasturini joriy etdi, deya xabar bermoqda The Guardian.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu milliy miqyosda amalga oshirilayotgan dunyodagi birinchi shartlarsiz asosiy daromad dasturi hisoblanadi.
Mamlakat moliya vaziri Devid Popning ta’kidlashicha, shartli bo‘lmagan asosiy daromad dasturi narxlarning ko‘tarilishi va aholining ko‘chib ketishi sharoitida ijtimoiy himoya chorasi sifatida ishlab chiqilgan.
Mazkur dastur AQSH bilan tuzilgan kelishuv doirasida tashkil etilgan maxsus jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmoqda. Ushbu hujjat, boshqa masalalar qatori, AQSHning Marshall orollari hududida ko‘p yillar davomida o‘tkazgan yadroviy sinovlari uchun davlatga kompensatsiya to‘lanishini ham nazarda tutadi.
Jamg‘arma hajmi $1,3 mlrddan ortiq bo‘lib, Vashington 2027-yilgacha yana $500 mln mablag‘ kiritishi kerak. Uning aholisi taxminan 42 ming kishidan iborat.
Birinchi to‘lovlar noyabr oyi oxirida amalga oshirildi. Dasturni joriy etishga ko‘maklashayotgan moliyaviy menejer Aneli Sarana ma’lum qilishicha, mamlakat aholisining ko‘pchiligi olgan mablag‘larini darhol asosiy ehtiyojlarini qondirishga — oziq-ovqat mahsulotlari va kundalik zarur buyumlarni xarid qilishga sarflagan.
Aholining pulni an’anaviy valyutada yoki dollarga bog‘langan steyblkoin shaklida olish imkoniyati mavjud. Atigi 12 kishi steyblkoin ko‘rinishidagi to‘lovlarni tanlagan bo‘lsa, 60%i pulni bank hisob raqamlariga olishni ma’qul ko‘rgan.
Orol davlati rasmiylarining ta’kidlashicha, asosiy daromad miqdori odamlarni ishdan to‘xtatib, bekorchilikka undaydigan darajada katta emas. Daromadning bunday salbiy oqibatlari haqida uning tanqidchilari tez-tez gapiradi.
“Biz, hukumat, shunchaki kimnidir ortda qoldirishni istamaymiz. Kishi boshiga chorakda bir marta $200- bu kishi boshiga yiliga $800 degani, bu ishni tashlab ketish uchun yetarli emas. Ammo biz buni odamlar uchun yaxshi ma’naviy yordam deb hisoblaymiz”, — dedi Devid Pol.
Avvalroq Jahon banki O‘zbekistonga $100 mln kredit va $5 mlnlik grant ajratishi haqida xabar berilgandi.
Ushbu mablag‘lar mamlakatda biznesni rivojlantirish va ish o‘rinlarini yaratish loyihalari uchun yo‘naltiriladi.
