Vazirlar Mahkamasining biznes uchun 1600 dan ortiq cheklov va majburiy talablarni bekor qilish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror tadbirkorlar uchun bir qator ruxsat berish jarayonlarini tezlashtiradi. Xususan, xavfli yuklarni tashishga mo‘ljallangan idishlarni foydalanishga yaroqli deb topish to‘g‘risidagi arizalar hozirgi 15 ish kuni o‘rniga 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
Iste‘mol quvvati 20 kVtdan yuqori bo‘lgan obyektlarni elektr bilan ta‘minlash loyihalari bo‘yicha O‘zenergoinspeksiya xulosasini berish jarayoni soddalashtiriladi. Buning uchun Hududiy elektr tarmoqlari filialidan loyihani ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi xat talab etilmaydi.
Ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalarida 10 nafardan ortiq xodim ishlaydigan yirik poyabzal ta‘mirlash ustaxonalarini tashkil etishga ruxsat beriladi. Yerto‘lalardan foydalanish to‘g‘risidagi nizomdan tegishli taqiq chiqarib tashlandi.
Shuningdek, bozorlar faoliyati to‘g‘risidagi nizomga bir qator o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Sotuvchilar faqat bozor ma‘muriyati tomonidan taqdim etilgan tarozi va o‘lchov asboblaridan foydalanishi shart, degan talab rasman bekor qilindi.
O‘zini o‘zi band qilganlar yakka tartibdagi tadbirkorlar va fermerlar bilan teng ravishda bozorlarda savdo qilish huquqiga ega bo‘ldi. Fermer-sotuvchilar va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun yillik ma‘lum miqdordagi mahsulot sotish chegarasi bekor qilinadi.
Bundan tashqari, madaniy meros obyektlarida “yashil” energetikani rivojlantirish choralari ko‘riladi. Madaniy meros jamg‘armasi xodimlarga energiya tejamkor qurilmalar, quyosh panellari va kollektorlar o‘rnatish uchun foizsiz qarzlar ajratadi.
Spot, avvalroq, Toshkent bozorlarida dam olish kunlari 2 soatdan ortiq to‘xtash uchun to‘lovlar oshgani haqida yozgandi.
