2026-yil 1-yanvardan boshlab Rossiyaning Kursk, Nijniy Novgorod, Samara va Tyumen shaharlarida rasman turistik soliq joriy etiladi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Ushbu shaharlarda yashash narxiga qo‘shiladigan qo‘shimcha yig‘im amal qila boshlaydi. Bu qo‘shimcha yig‘im yashash narxiga qo‘shib hisoblanadi.

Qayd etilishicha, bu orqali mahalliy budjetlarni to‘ldirish rejalashtirilgan, bu esa turizm infratuzilmasini rivojlantirish imkonini beradi.

“Kursk shahar kengashi qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan boshlab Kursk shahrida sayyohlik soliqlari joriy etiladi”, — dedi Kursk viloyati iqtisodiy rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.

Hozircha stavka uncha katta emas: xonaning bir kunlik narxidan o‘rtacha 1−2%, ammo kamida 100 rubl miqdorida. Biroq, bular faqat dastlabki ko‘rsatkichlar. Ko‘pchilik shaharlarda soliq bosqichma-bosqich oshirib boriladi.

Masalan, Kurskda 2029-yilga kelib bu soliq 5% ga yetadi va prognozlarga ko‘ra, birinchi yilda mahalliy budjetga 13 mln rubl keltiradi. Katta shaharlar miqyosida esa raqamlar yanada katta: Nizhniy Novgorod har yili 200 mln, Samara esa deyarli 150 mln rubl byudjetga qo‘shilishiga umid qilmoqda.

Shu bilan bir vaqtda, 2026-yildan boshlab butun mamlakat bo‘ylab mehmonxonalarga joylashishning yangi qoidalari kuchga kiradi. Asosiy o‘zgarishlar — mehmon belgilangan vaqtda kelmasa, xonani bekor qilish mumkin bo‘lgan “kafolatlanmagan bronlash” tizimi bekor qilinadi.

Endi mehmonxona mehmonni to‘liq bir sutka davomida kutishi shart bo‘ladi. Kelishdan bir kun oldin bronni moliyaviy yo‘qotishlarsiz bekor qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.


Avvalroq Spot Rossiyada 2026-yildan boshlab migrantlar uchun yangi cheklovlar joriy etilishi haqida yozgandi.

Yangi qoidalarga ko’ra, migrantlarga alkogol va tamaki savdosida ishlash taqiqlanadi. Ularning bozorlarda, ko‘chma chakana savdo do‘konlarida va dorixonalarda ishlashiga qo‘yilgan taqiq ham o‘z kuchida qoladi.