Sevinch Hamrayeva 2005-yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. Boshlang‘ich taʼlimni Qarshi shahridagi 4-sonli maktabda olgan. Keyinchalik Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabida tahsil olib, uni 2022-yilda tamomlagan. So‘ngra, 2023-yil Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti bakalavriat bosqichiga o‘qishga qabul qilingan.

Sevinch bakalavriat bosqichida tahsil olayotganiga qaramay, 2024-yilda El-yurt umidi davlat stipendiyasini qo‘lga kiritib, xorijda o‘qishni tanladi. U Buyuk Britaniyaning York universitetiga qabul qilinib, hozirda raqamli media kommunikatsiyasi yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat bosqichining 1-kurs talabasi hisoblanadi.

U Spot’ga nega O‘zbekistondagi o‘qishini tugatmasdan xorijiy universitetni tanlagani, El-yurt umidi davlat stipendiyasini qanday qo‘lga kiritgani haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, Buyuk Britaniya taʼlim tizimi va dars jarayonlari xususida fikr bildirdi hamda bu mamlakatga endi borishni rejalayotgan yoshlarga nimalarga ko‘proq eʼtibor qaratish lozimligi borasida tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.


Nega aynan Buyuk Britaniya?

2023-yil Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti bakalavriat bosqichiga o‘qishga qabul qilindim. O‘sha davrda Amerika universitetlariga ham hujjat topshirib ko‘rganman, biroq ilk urinishimda bir ball yetmay qolganligi sababli g‘olib bo‘la olmadim. Oliygohning ikkinchi kursida yana qayta xorijida o‘qish istagi uyg‘ondi.

So‘ngra 20 dan ortiq xorijiy universitetga hujjat topshirdim: Amerika, Italiya va Turkiya kabi davlatlardagi variantlarni ham ko‘rib chiqdim.

Italiya universitetlariga qiziqishim Yevropadagi kuchli taʼlim tizimi va stipendiyalar mavjudligi bilan bog‘liq edi. Turkiyadagi imkoniyatlardan esa tanlagan yo‘nalishimga mos kelmagani uchun voz kechdim.

Topshirgan oliygohlarimdan qabul xati kelishni boshladi — aniq nechtasidan qabul xati olganimni eslay olmayman. Qaysi oliygohlarga o‘qishga qabul qilinganimni bilgandan keyin El-yurt umidi stipendiyasiga hujjatlarimni topshirdim va g‘olib bo‘ldim. So‘ngra, qabul xati orasida Buyuk Britaniya York universitetini tanladim.

Aynan Buyuk Britaniyada ta’lim olishni tanlashimning asosiy sababi mamlakatning tarixi va sanʼatiga bolalikdan qiziqishimdir. Shuningdek, qirollikning media tizimi qanchalik rivojlanganini o‘zim uchun kashf etishni istadim. Chunki, ko‘pchilik bu soha uchun AQSHni afzal ko‘radi, men esa Buyuk Britaniya tajribasini o‘rganishni maqsad qildim.

El-yurt umidi stipendiyasi haqida

El-yurt umidi stipendiyasi haqida birinchi marta maktabda sinfdoshlarimdan eshitganman. Tanlovi yiliga ikki marta o‘tkazlib, nomzodlar uch bosqichli sinovdan o‘tishlari kerak:

  • Birinchi bosqich — hujjatlar topshirish. Bir oy davomida til sertifikati kamida IELTS 6, universitetdan olingan taklif xati, transkript va ijodiy ish (insho) taqdim etiladi: menda IELTS 6 edi. Hujjatlar to‘liq bo‘lsa, nomzod keyingi bosqichga o‘tkaziladi.
  • Ikkinchi bosqich — test sinovlari. IQ darajasi va tahliliy fikrlash baholanadi. Yuqori ball to‘plaganlar suhbatga taklif qilinadi.
  • Uchinchi bosqich — yakuniy suhbat. Bir necha xonalarda suhbat o‘tkaziladi: Maʼnaviyat xonasida vatanga bo‘lgan muhabbat, maʼnaviyat va fuqarolik pozitsiyasi sinalsa, sohaga doir xonada nomzodning O‘zbekistonga qaytib kelgandan keyingi rejalari, o‘qish davomida amalga oshirmoqchi bo‘lgan ishlari bo‘yicha savollar beriladi.

Suhbatda eng muhim omil — o‘ziga ishonch. Savollarga puxta tayyorlanib javob berish, kutilmagan vaziyatlarda xotirjamlikni saqlash muhim.

Jamg‘arma stipendiatning o‘qish davri bilan bog‘liq asosiy xarajatlarni qoplaydi:

  • kontrakt to‘lovi;
  • yashash xarajatlari (yotoqxona, ovqatlanish, transport);
  • aviachipta (borish-kelish)
  • tibbiy sug‘urta;
  • o‘quv materiallari (kitoblar, darsliklar).

Bundan tashqari, jamg‘arma har bir soha bo‘yicha kvotalar belgilaydi. Tanlov jarayonida mamlakat, kontrakt miqdori va boshqa omillar inobatga olinadi.

buyuk britaniya, sevinch hamrayeva, xorijda ta'lim, york universiteti

Foto: Sevinch Hamrayevaning shaxsiy arxividan

Stipendiya g‘oliblari o‘qishni tugatgach, belgilangan muddat davomida O‘zbekistonda ishlab berishlari shart:

  • bakalavrlar — 5 yil;
  • magistrlar — 3 yil.

Bu davrda stipendiatlarga ustama haq bilan ishlash imkoniyati yaratiladi.

Eng muhimi, agar siz El-yurt umidi stipendiyasini yutsangiz, jamg‘arma sizni o‘zining shartnomasi bo‘lgan universitetlarga yuborishi ham mumkin.

Shunday qilib, yakuniy bosqichda, ajratilgan kvotalarga muvofiq, suhbatda eng yuqori ball to‘plagan nomzodlar stipendiya sohibi deb eʼlon qilinadi. Hujjat topshirish jarayoni esa ko‘pchilik nomzodlarni qo‘rqitadi.

Chunki, ular: “Universitetlardan olingan taklifnomalarning amal qilish muddati tugab bormoqda, lekin El-yurt umidi hali ham qabulni eʼlon qilmayapti”, — deb xavotir olishadi. Aslida, jamg‘arma ham o‘z qabulini nomzodlarning qabul xatlari asosida ochadi. Shuning uchun nomzodda qabul xati bo‘lishi kerak, garchi baʼzi universitetlar depozit so‘rashi mumkin.

Faqat yutgandan keyin stipendiatning o‘zi harakat qilishi kerak. Yaʼni, agar qabul xati yoki til sertifikati muddati kuyib ketgan bo‘lsa, stipendiant darhol yangi qabul xati, yangi til sertifikatini olish va boshqa universitetga kirish uchun harakat qilishi lozim. Agar u ushbu hujjatlarni yangilab jamg‘armaga taqdim etsa, uni o‘qishga yuboradi.

Viza olish jarayoni

El-yurt Umidi jamg‘armasi talabalarning viza xarajatlarini to‘liq qoplaydi. Biroq O‘zbekistondagi 11 yillik ta’lim tizimi Buyuk Britaniyaning 12 yillik talabi bilan mos kelmagani uchun qo‘shimcha o‘qish zarur bo‘ladi. Shu sababli men York universitetiga qarashli xalqaro kollej — Kaplan International Pathways Collegeda bir yillik dasturda tahsil oldim.

Dastlab bizga bir yillik viza berilgan, chunki to‘liq universitetga qabul faqat Kaplan kollejining yakuniy imtihonlari (A-level darajasida) muvaffaqiyatli topshirilgandan keyin kafolatlanardi. Imtihonlardan o‘tganimizdan so‘ng uch yillik vizaga hujjat topshirish imkoniyati berildi. Men ham ushbu shartni bajardim va hozirda uch yillik viza asosida York universitetida o‘qishni davom ettirmoqdaman.

Talaba viza olish uchun davlatlar asosan o‘qimoqchi bo‘lgan universitetdan hujjat so‘rashadi. Bu Amerika uchun I-20, Buyuk Britaniya uchun CAS deyiladi. Ayrim universitetlar CAS berishdan oldin homiylik xati yoki shartnoma depozitini to‘lashni talab qilishi mumkin.

Vizaga onlayn tarzda hujjat topshiriladi. Talab qilinadigan asosiy hujjatlar quyidagilardir:

  • tuberkulyoz testi natijasi;
  • universitet tomonidan yuborilgan CAS hujjati;
  • xalqaro pasport;
  • El-yurt umidi jamg‘armasining Buyuk Britaniya konsulligiga yozilgan homiylik xati.

buyuk britaniya, sevinch hamrayeva, xorijda ta'lim, york universiteti

Foto: Shaxsiy arxiv

Barcha hujjatlarni veb-saytga yuklaysiz, tegishli to‘lovlarni amalga oshirasiz va uchrashuv kunini belgilaysiz. To‘lovlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • Sog‘liqni saqlash sug‘urtasi (IHS) — taxminan $1029;
  • TLS aloqa to‘lovi — taxminan $101;
  • viza arizasi to‘lovi — taxminan $650;

Bu talab qilinadigan hujjatlar bir yillik viza uchun.

Yaxshi tomoni shundaki, Buyuk Britaniya vizasi uchun suhbatdan o’tish talab qilinmaydi. Ariza berish uchun pasportingizni topshirasiz, to’lovni amalga oshirasiz va qo’shimcha ravishda kompyuter testidan (Computer Class) o’tasiz. Shu bilan viza jarayoni yakunlanadi.

Moslashish davi

Buyuk Britaniyaga birinchi marta Foundation year uchun 2025-yilning yanvar oyida kelganman. Bakalavriatning birinchi kursi esa sentabr oyining o‘rtalaridan boshlangan. Bu yerga birinchi kelganimda, ta’lim tizimining yuqori darajada raqamlashtirilgani diqqatimni tortdi. Deyarli barcha jarayonlar raqamli bo‘lib, hamma narsa talabalar ilovasi ichiga joylashtirilgan.

Leksiyalar vaqtida yozish uchun qog‘oz va daftar ishlatilsa-da, qolgan hamma narsani telefoningizdan ko‘rasiz. O‘qishning bunday tizimi men uchun boshida biroz qiyinchilik tug‘dirdi. Chunki o‘zim an’anaviy yozishga ko‘proq qiziqqanim sababli, kompyuter texnologiyalari bilan ko‘p ishlamagandim.

Shu bois, Buyuk Britaniyaga kelishni istagan O‘zbekistonlik talabalariga bir maslahat bor: imkon qadar oldindan sun’iy intellekt (AI) va raqamli texnologiyalardan aqlli yo‘l bilan foydalanishni o‘rganib keling. Bu sizning ko‘nikish jarayoningizni ancha osonlashtiradi.

Yana boshida Buyuk Britaniyaning turli nuqtalaridagi aksentlarni tushunishda biroz qiyinchilik bo‘ldi. Ammo vaqt o‘tishi bilan bunga ko‘nikib ketdim, hatto ularni eshitish maroqli desam ham bo‘ladi. Chunki har xil aksentlar qanchalik qiyin bo‘lmasin, ular odamga yoqishni boshlar ekan.

Dars jarayonlari

Buyuk Britaniyaning York universitetida darslar uch qismdan iborat: maʼruza, seminar va amaliyot. Maʼruzada professor mavzuni tushuntiradi, seminarda o‘qilgan material asosida savol-javob va munozaralar bo‘ladi, amaliyotda esa nazariy bilimlar amalda qo‘llanadi. Guruh loyihalarida talabalar erkin ishlashadi.

Talabalar har bir fan bo‘yicha alohida qatnashadi, shuning uchun doim bir xil odamlar bilan o‘qishmaydi. Baʼzi fanlarda yuzdan ortiq, baʼzilarida esa 30 tagacha talaba bo‘ladi. Universitetda turli mamlakatlardan talabalar bor, xitoyliklar ko‘p, bizning sohada esa asosan britaniyaliklar.

Birinchi kurs baholari diplomga kirmaydi, lekin keyingi kursga o‘tish uchun minimal foiz talab qilinadi. Diplom baholari ikkinchi kurs va yakuniy dissertatsiya natijalariga asoslanadi. Ikkinchi kursdan boshlab modul tanlash imkoniyati beriladi.

buyuk britaniya, sevinch hamrayeva, xorijda ta'lim, york universiteti

Sevinch Hamrayevaning “Bolalar uchun orzular illustratsiyasi”. Adope Illustrator 2025. Foto: Shaxsiy arxiv

York universiteti tadqiqot oliygohi bo‘lib, professorlar ilmiy izlanishlarga katta eʼtibor qaratadi. Talabalar o‘z fikrlarini erkin bildiradilar, o‘qituvchilar esa ochiq munosabatda bo‘lishadi. Darsga kech qolgan yoki chiqib ketgan talabaga hech kim eʼtiroz bildirmaydi, bu shaxsiy masʼuliyatni oshiradi.

Shuningek, har bir semestrda uchta fan o‘qitilib, shunga mos ravishda uchta imtihon topshiramiz.

Britaniya universitetlarida imtihon uslubi fanga qarab farqlanadi: masalan, matematika kabi aniq fanlarda talabalar yopiq xonalarda belgilangan vaqt ichida yozma imtihon topshiradilar.

Bizning sohada esa boshqacha — belgilangan muddatgacha Blender, Illustrator yoki After Effects’da yaratilgan ishlarni kreativ portfolio sifatida topshirishimiz va uni qanday texnikalar yordamida bajarganimizni tushuntirib esse yozishimiz kerak bo‘ladi. Bunday topshiriqlar yopiq xonada emas, balki elektron tarzda, belgilangan muddat ichida qabul qilinadi.

Hayron qoldirgan narsalar

Buyuk Britaniyada meni eng hayron qoldirgan narsa — oziq-ovqat masalasi bo‘ldi. Supermarketlardagi mahsulotlarning ko‘pi qayta ishlangan bo‘lib, ularga turli qo‘shimchalar qo‘shilgan. Shu sababli odamlar sport va sog‘lom ovqatlanishga katta e’tibor berishadi.

Mahsulot qadoqlarida kaloriya va yog‘ miqdori ranglar bilan ko‘rsatiladi: yashil — sog‘lom, qizil — tavsiya etilmaydigan.

Shunga qaramay, yoshlarning ko‘pchiligi tayyor ovqatlarni iste’mol qiladi. Yotoqxonada ko‘pchilik tez tayyor bo‘ladigan ovqatlarni yeydi, lekin tashqarida ertalab yugurib sport qiladiganlarni ko‘p uchratdim. Bu yerda sog‘lom turmush tarzi va noto‘g‘ri ovqatlanish odatlari yonma-yon yuradi.

Britaniyaliklarning hayvonlarga, ayniqsa itlarga bo‘lgan mehr-muhabbati ham meni hayratga soldi. Ko‘chalarda turli zotdagi itlarni ko‘rasiz, ular juda yuvosh va tarbiyalangan. Odamlar ularni savdo majmualariga ham olib kirishadi, do‘konlarda esa uy hayvonlari uchun maxsus bo‘limlar bor. Daydi hayvonlar deyarli uchramaydi.

buyuk britaniya, sevinch hamrayeva, xorijda ta'lim, york universiteti

Foto: Shaxsiy arxiv

Yana bir qiziq holat — odamlarning kitob va gazeta mutolaasiga bo‘lgan katta qiziqishi. Avtobusda, bekatda yoki istalgan joyda kitob o‘qish odatiy hol. Bu bilimga bo‘lgan hurmatni ko‘rsatib, boshqalarga ham ilhom beradi.

Britaniyada san’at va tarixga qiziqish juda kuchli. Qo‘lda chizilgan rasmlar qadrlanadi, muzey va tarixiy joylarga katta e’tibor beriladi. Bag‘rikenglik madaniyati ham keng tarqalgan — odamlar bir-birining fikr va e’tiqodiga hurmat bilan qarashadi.

York shahri esa Harry Potter filmlari orqali mashhur bo‘lgan. “The Shambles” ko‘chasi va boshqa joylar sayyohlarni jalb qiladi, shahar Buyuk Britaniyaning turizm markazlaridan biriga aylangan.

London markazida esa odamlarning ish tugagach, kostyum-shimda, katta sumkalar bilan uylariga qaytayotganini ko‘rib, ularning mehnatsevarligi va intilishlari menga kuchli taassurot qoldirdi. Bu manzara menda havas uyg‘otdi va o‘zimni ham shunday intiluvchan inson sifatida tasavvur qilaman.

Yashash xarajatlari

Buyuk Britaniyada talabalarga darsdan keyin ishlashga ruxsat beriladi, lekin o‘qish yuklamasi og‘ir bo‘lgani uchun bir vaqtda o‘qish va ishlashni olib borish ancha qiyin. Menga haftasiga 10 soat ishlash huquqi berilgan, ammo darslar ko‘pligi sababli ishlashga ehtiyoj sezmayman.

Ish topish uchun universitetlarda Handshake kabi maxsus ilovalar mavjud, yaxshi ishga joylashmoqchi bo‘lganlar esa CV va LinkedIn profiliga alohida e’tibor berishlari kerak. Tajribasi bo‘lmagan talabalar oddiy sotuvchi, menejer yoki vaqtinchalik tadbirlarda ishlashlari mumkin.

Yashash xarajatlariga kelsak, mening kundalik sarfim haftasiga $50−70 ni tashkil etadi, yotoqxona uchun esa $268 to‘layman. Kutilmagan mayda xarajatlar uchun $27 ajrataman, jami haftasiga $329 atrofida mablag‘ sarflanadi.

Kvartirada yashovchilar uchun ijara to‘lovidan tashqari elektr va gaz kabi kommunal xarajatlarni ham o‘zlari to‘lashlari kerak bo‘ladi. Transport narxlari yuqori emas, talabalar chegirmali tariflardan foydalanishlari mumkin, kampus ichidagi avtobus qatnovi esa bepul.

Shuningdek, talabalarga ishlash imkoniyati ham berilgan. Lekin o‘qish yuklamasi sababli ko‘pchilik ishlashni tanlamaydi. Yashash xarajatlari esa haftasiga o‘rtacha $260−336 ni tashkil etadi.

Talabalarga yaratilgan imkoniyatlar

Universitetda talabalar uchun keng va qulay imkoniyatlar yaratilgan. Masalan, kompyuter xonalari hamda dars qilishga mo‘ljallangan zonalar uzluksiz faoliyat yuritadi. Hatto shanba yoki yakshanba kunlari ham talabalar kecha-yu kunduz dars qilishlari mumkin. Bu holat meni hayratga soldi.

Texnologiyalar talabalarga o‘qish uchun eng yuqori darajadagi sharoitlarni taqdim etadi. Media kabi sohalarda ustozlar video yoki film montaji uchun jihozlar kerakligini aytganida, talaba oddiygina band qiladi va mikrofon, kamera kabi barcha zarur vositalarni olib ketadi. Biroq ko‘plab ingliz talabalar o‘zlarining sifatli telefon va gadjetlari mavjudligi sababli universitet jihozlaridan unchalik foydalanmaydi.

Kutubxonalar 24/7 ishlamasa-da, talabalar kitoblarni olib ketishlari, buyurtma qilishlari mumkin. Hatto noutbuk yoki kompyuter vositalari bo‘lmasa ham, universitet ularni bepul taqdim etadi.

buyuk britaniya, sevinch hamrayeva, xorijda ta'lim, york universiteti

Uzbek Culture food festivali. Buyuk Britaniya, London. Foto: Shaxsiy arxiv

York universitetining asosiy afzalliklaridan biri xorijiy universitetlar bilan shartnomalar. Masalan, Chexiyadagi nufuzli universitet bilan hamkorlik mavjud bo‘lsa, talaba u yerda o‘qish uchun hech qanday to‘lov qilmaydi. Faqat yashash xarajatlarini o‘zi qoplashiga to‘g‘ri keladi.

Xalqaro almashinuv dasturlarida qatnashish jarayoni ham sodda: talaba York universitetiga hujjat topshiradi, ular hujjatlarni ko‘rib chiqib, mos bo‘lsa, xorijiy universitetga yuborishadi.

Moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan talabalar uchun esa maxsus grant dasturlari mavjud. El-yurt umidi tamoyillariga o‘xshash tarzda, talabalar ariza to‘ldirib, o‘z ehtiyojlarini asoslab, amaliyot yoki yashash xarajatlari uchun moliyaviy yordam olishlari mumkin.

York universitetida moliyaviy va boshqa yo‘nalishlarda ko‘plab tanlov dasturlari o‘tkaziladi. Birinchi yoki ikkinchi kurs talabasi bo‘lishingizdan qat’i nazar, barcha tanlovlarda ishtirok etib, universitet tomonidan qo‘llab-quvvatlanishingiz mumkin.

Maslahat va tavsiyalar

Buyuk Britaniyaga o‘qishga kelmoqchi bo‘lganlarga eng avvalo aniq bir davlat va yo‘nalishni tanlashni maslahat beraman. Universitet tanlashda uning reytingi, yo‘nalish mavjudligi va moliyaviy imkoniyatlaringizni hisobga olish muhim. Hujjat topshirish jarayoni UCAS yoki Common App kabi maxsus platformalar orqali amalga oshiriladi, bu esa jarayonni ancha yengillashtiradi.

Britaniyaga kelgach, dars tizimiga tez ko‘nikish uchun kompyuter va onlayn ilovalar bilan ishlashni oldindan o‘rganib kelish foydali. Shuningdek, o‘z sohangizda ozgina bo‘lsa ham tajribaga ega bo‘lishingiz kerak, chunki bu yerda raqobat kuchli. Faqat universitetni bitirish yetarli emas, amaliy tajriba ham juda muhim.

Til masalasida xato qilisangiz bu katta muammo bo‘lmaydi, sababi ustozlar sizni tushunishga harakat qilishadi. Asosiy e’tibor esa yozma ishlar — insholar va hisobotlarga qaratiladi. Academic writing uslubini o‘rganish, yozma ko‘nikmalarni rivojlantirish va lug‘at boyligini oshirish zarur.

Yana bir muhim jihat, menda xalqaro talaba sifatida ijtimoiy aloqalarni o‘rnatishda qiyinchilik yuzaga keldi. Britaniyalik yoshlarning o‘z dunyosi bor — ular ko‘p tungi klublarga borib, spirtli ichimliklar isteʼmol qilishadi. Men bunday narsalarga qo‘shilishim qiyin. Balki shu sababli ular bilan yaqin bo‘la olmayapman, yana bilmadim.

Xulosa qilib aytganda, chet elda o‘qishga kelayotganlar qo‘rquvni yengib, imkoniyatlardan foydalanishlari kerak. Amaliyot va tajriba orqali o‘z sohasida yetuk mutaxassis bo‘lish mumkin.

buyuk britaniya, sevinch hamrayeva, xorijda ta'lim, york universiteti

Foto: Shaxsiy arxiv

Kelajakdagi rejalar. Buyuk Britaniyada o‘qishni tugatib, O‘zbekistonga qaytgach, o‘z sohamni chuqur o‘rganib, tajribalarimga tayangan holda media va media texnologiyalari rivojiga hissa qo‘shmoqchiman. YouTube va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda yurtimizdagi jarayonlarni kuzatib, bu yo‘nalishda katta kelajak borligini angladim. Ayniqsa, Britaniyada o‘rgangan ilg‘or bilim va texnologiyalarni O‘zbekistonda qo‘llashni niyat qilganman.

Hozircha men faqat boshlanish nuqtasidaman, ammo bu sohaga qiziqishim juda kuchli. Ulkan imkoniyatlarni ko‘rib, bilimlarni astoydil o‘rganishga bel bog‘laganman. Yaxshi o‘zlashtirganimdan so‘ng, nasib qilsa, ularni yurtimiz taraqqiyoti uchun ishlatishga bor kuchimni sarflayman.

Bakalavriat bosqichida tahsil olayotgan bo‘lsam-da, oldimga katta maqsadlar qo‘yganman va ularni amalga oshirish uchun izchil harakat qilmoqdaman.