2026-yildan boshlab O‘zbekistonda AQSH kompaniyalariga sarmoya kiritish bo‘yicha cheklovlar bekor qilinadi. Bu Markaziy bank boshqaruvining 2025-yil 12-dekabrdagi qaroridan kelib chiqadi.
Kapital harakati bilan bog‘liq ayrim valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritilib, 6−1-band quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan to‘ldirildi.
“AQSHdagi xorijiy korxonalarning ustav fondini shakllantirish (yoki kapitalda ishtirok etish) uchun investitsiya faoliyati bo‘yicha rezidentlar operatsiyalari — O‘zbekiston Respublikasi banklaridagi rezidentlar hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini o‘tkazish, AQSHdagi filiallarini aylanma mablag‘lar bilan to‘ldirish rezidentlar hisobvaraqlaridagi valyuta mablag‘lari doirasida amalga oshiriladi”, — deyiladi hujjatda.
Mazkur qaror 2026-yil 1-yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.
Noyabr oyida Shavkat Mirziyoyev AQShga tashrifidan so‘ng Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlar va investitsiyalar kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi.
Hujjatga ko‘ra, 2026 yildan boshlab rezidentlarning AQSHga investitsiya kiritish bo‘yicha operatsiyalari — xususan, xorijiy kompaniyalarning ustav fondlarini shakllantirish va filiallarda aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun O‘zbekiston banklaridagi hisobvaraqlardan pul o‘tkazmalari bo‘yicha cheklovlar olib tashlanadi.
Prezident Markaziy bankka bir oy muddatda qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha topshiriq berdi.
Avvalroq Spot Komil Allamjonov prezident Administratsiyasining AQShdagi vakili etib tayinlangani haqida yozgandi.
