Donald Tramp fuqarolari uchun AQSHga kirish cheklangan yoki to‘liq taqiqlangan davlatlar ro‘yxatini kengaytirdi. Bu haqda Oq uy rasmiy saytida ma’lum qilindi.
“Yuqori xavf” sababli sayohat qilish to‘liq taqiqlangan davlatlar soni 12 tadan 19 tagacha oshdi. Avval ro‘yxatda bo‘lgan Afg‘oniston, Eron, Yaman, Kongo, Liviya, Somali, Sudan, Chad, Eritreya, Ekvatorial Gvineya, Gaiti va Myanmaga endi Burkina-Faso, Mali, Niger, Janubiy Sudan, Suriya, Laos va Syerra-Leone ham qo‘shildi.
Oq uy taqiqni “qora ro‘yxat"ga kiritilgan davlatlar fuqarolari tomonidan viza muddatlarining tez-tez buzilishi hamda xavfsizlikka tahdidlar bilan izohladi. Burkina-Faso, Laos, Syerra-Leone va Janubiy Sudan AQShdan deportatsiya qilingan o‘z fuqarolarini qayta qabul qilmayapti.
Suriya hanuzgacha pasportlar yoki boshqa hujjatlarni markazlashgan tartibda berish tizimini, shuningdek, xorijga chiqayotgan fuqarolarni tekshirishni yo‘lga qo‘ymagan. Shuningdek, AQSh Falastin muxtoriyati hujjatlariga ega shaxslar uchun ham mamlakatga kirishni yopdi.
Bundan tashqari, Afrika, Karib havzasi (Antigua va Barbuda, Dominika) hamda Okeaniya (Tonga)dagi 15 ta yangi davlat uchun sayohatlarga qisman cheklovlar joriy etilmoqda. Ushbu davlatlar fuqarolari mehmon (B-1, B-2) va talaba vizalarini (F, M, J) ola olmaydi. Avvalgi cheklovlarni ham inobatga olganda, umumiy hisobda cheklovlar tatbiq etilgan davlatlar soni 20 taga yetdi.
Shu bilan birga, AQSH ma’muriyati Turkmaniston fuqarolari uchun mehmon va talaba vizalarini berishga ruxsat berdi. Bunga safarlar bo‘yicha axborot almashinuvida “samarali hamkorlik” va “sezilarli taraqqiyot"ga erishilgani sabab bo‘ldi.
Joriy yil iyunida Donald Tramp 12 mamlakat fuqarolariga AQShga kirishni butunlay taqiqlovchi farmonni imzoladi.
12 ta davlat fuqarolariga nisbatan to‘liq taqiq joriy etildi: Afg‘oniston, Myanma, Chad, Kongo Respublikasi, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Gaiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan va Yaman. AQShning qonuniy doimiy rezidentlari va amaldagi viza egalari uchun istisnolar nazarda tutilgan.
Qayd etilishicha, mamlakatlar ro‘yxati AQSh Davlat departamenti yanvar oyidan beri o‘tkazib kelgan tahlil asosida tuzilgan.
Turkmaniston, Burundi, Kuba, Laos, Syerra-Leone, Togo va Venesuela fuqarolariga qisman taqiq joriy etildi. Ularga mehmon va talaba vizalari berilmaydi.
Biroq, masalan, ish faoliyati uchun yoki amerikalik qarindoshlar bilan qayta birlashish maqsadidagi vizalar saqlanib qoladi.
Avvalroq AQSH 19 ta davlat fuqarolariga berilgan grin-kartalarni qayta ko‘rib chiqishi haqida xabar berilgandi.
Ro‘yxatdan Afg‘oniston, Turkmaniston, Birma, Chad, Kongo, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Gaiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan, Yaman, Burundi, Kuba, Laos, Serra-Leone, Togo va Venesuela o‘rin olgan.
Avvalroq Spot TIV AQSHdagi o‘zbekistonliklarni kuchaytirilgan reydlar haqida ogohlantirgani haqida yozgandi.
Federal migratsiya organlari mamlakatda noqonuniy bo‘lish holatlari qarshi reydlarda haydovchilik guvohnomalari, shaxsiy hujjatlar va ingliz tilini bilish darajasini tekshiradi.
