Raqobat qo‘mitasi litsenziyasiz xorijga ishga yuborish xizmatlarini reklama qilgan uchta korxonani jarimaga tortdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Crystalvisa Consulting, Humo Group Central va Compony B2B korxonalari tegishli ruxsatnomalarsiz ishga joylashtirish xizmatlarini reklama qilgan.
Qo‘mita maxsus komissiyasi mazkur kompaniyalar harakatlarini qonunbuzarlik deb topib, ularga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qildi.
Shuningdek, kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berilgan.
Maʼlumot uchun, “Reklama to‘g‘risida"gi qonunning 16-moddasiga ko‘ra, tegishli sertifikat va litsenziyasiz tovar yoki xizmatlarni reklama qilish taqiqlanadi.
Hukumatning joriy yil aprel oyidagi tegishli qarori bilan fuqarolarni xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish faoliyati bilan Migratsiya agentligi shug‘ullanishi belgilangan.
Iyun oyida Raqobat qo‘mitasi xorijga ish va o‘qishga ketayotgan fuqarolarni firibgar konsalting firmalardan ogohlantirgandi. Qo‘mita ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolar ishonchiga kirib, xorijga ishga yoki o‘qishga yuborishni va’da qilib, faqat pul olgan vs xizmat ko‘rsatmagan konsalting firmalarni keltirdi.
Avvalroq Belgiya o‘zbekistonliklar uchun qonuniy mehnat imkoniyatlarini kengaytirishi haqida xabar berilgandi.
