Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva The Walt Disney Company kompaniyasining vitse-prezidenti Hayma Vashington bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Taʼkidlanishicha, O‘zbekiston poytaxtini bolalar kontenti ishlab chiqarish bo‘yicha mintaqaviy markazga aylantirish asosiy maqsad hisoblanadi. Gollivud mutaxassislari bilan hamkorlikda animatorlar, rejissyorlar va ssenariynavislarning yangi avlodini tayyorlash rejalashtirilmoqda.

“Janob Vashington mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga qiziqish bildirdi hamda barcha tashabbuslarimizni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini aytdi”, — deb yozgan Saida Mirziyoyeva o‘z Telegram-kanalida.

O‘zbekistonda Disney’ning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasini ochish va kontenti to‘liq o‘zbek tilidagi telekanal tashkil etishga qiziqish bildirildi.

Shuningdek, xalqaro kompaniyalar uchun imtiyozli sharoitlar yaratiladigan Cinema Park kreativ parkini tashkil etish g‘oyasi ham bor.

Bundan tashqari, kelgusida “mintaqa turizmi uchun yangi drayverga aylanadigan” Disneyland tematik bog‘i ham barpo etilishi mumkin.

Joriy yilning may oyida Abu-Dabida Disneylend parki qurilishi haqida xabar berilgandi.


Avvalroq O‘zbekiston-Tojikiston chegarasida savdo, logistika va tibbiyot markazlari tashkil etilishi aytilgandi.