AQSH hukumati Green Card (Diversity Visa — turli millat vakillari uchun viza) dasturini to‘xtatmoqda.

Chunki Braun universitetidagi otishmada gumon qilinayotgan shaxs shu dastur orqali mamlakatga kelgan, deb ma’lum qildi AQSH ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

“Prezident Trampning ko‘rsatmasiga binoan, men darhol AQSH fuqarolik va immigratsiya xizmati (USCIS)ga ushbu zararli dastur tufayli amerikaliklarga boshqa zarar yetkazilmasligi uchun DV1 dasturlarini to‘xtatishni buyuraman”, — deb yozadi Noem.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Braun universitetida otishma sodir etgan Klaudio Nevis Valenti 2017-yilda ushbu dastur bo‘yicha AQSHga kelgan.

AQSH Davlat departamenti joriy yilning 16-sentabridan boshlab Green Card lotereyasi uchun $1 miqdorida to‘lov joriy etdi.

Shu paytgacha lotereya xarajatlari faqat tanlangan arizachilardan olinadigan $330 miqdoridagi viza uchun ariza to‘loviga qo‘shib kelingan bo‘lsa, endi xarajatlarning bir qismi ro‘yxatdan o‘tish vaqtida barcha ishtirokchilardan undiriladi.

Har yili Green Card uchun arizalar qabuli oktabr oyida boshlanardi. Biroq, yuqoridagi o‘zgarishlar fonida bu muddat haligacha kechikmoqda. Departament esa Diversity Visa (DV) vizasini olish uchun ariza topshirish jarayoniga texnik va tashkiliy o‘zgarishlar kiritdi.

Joriy yil iyunida Donald Tramp 12 mamlakat fuqarolariga AQShga kirishni butunlay taqiqlovchi farmonni imzoladi.

12 ta davlat fuqarolariga nisbatan to‘liq taqiq joriy etildi: Afg‘oniston, Myanma, Chad, Kongo Respublikasi, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Gaiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan va Yaman. AQShning qonuniy doimiy rezidentlari va amaldagi viza egalari uchun istisnolar nazarda tutilgan.

Qayd etilishicha, mamlakatlar ro‘yxati AQSh Davlat departamenti yanvar oyidan beri o‘tkazib kelgan tahlil asosida tuzilgan.