Qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov fuqarolarni uy-joy sotib olishdan oldin obyektni tekshirishga chaqirdi. Bu haqda u 17-dekabr kuni tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qurilish vazirligi faoliyat yuritayotgan barcha 24 ta yo‘nalish to‘liq raqamlashtiriliib, “Shaffof qurilish” markaziga ulangan. Bugungi kunda nazorat inspektorlari joyiga chiqqan holda barcha obyektlardagi qurilish jarayonlarini rasmga olmoqda.

“Aholiga murojaat qilmoqchiman: agar uy-joy sotib oladigan bo‘lsangiz obyektning Qurilish nazorati inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tgan yoki o‘tmaganligini tekshiring. Unga ahamiyat bersangiz, bu [ro‘yxatdan o‘tishning mavjudligi] qurilish barcha qonun-qoidalar asosida amalga oshirilayapti, degani” — deya tavsiya qildi vazir.

Hidoyatovning qayd etishicha, fuqarolar “Shaffof qurilish” onlayn platformasi orqali qurilish jarayonlari qanday kechayotganini har kuni yoki har hafta kuzatib borishi mumkin.

Bundan tashqari, Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasidan tortib, uy-joylarni qabul qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar to‘liq raqamlashtirilgan hamda barcha qonuniy qurilish obyektlari joylashuvigacha ko‘rsatilgan. Shuningdek, noqonuniy qurilishlar ham ko‘rsatilgan, biroq ularning qanday obyekt ekanligi ko‘rsatilmagan.

Vazir bosh reja aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilinganini ta’kidlab, unga qadar tartibsiz qurilishlar bo‘lganini qayd etdi.

“Bosh reja qabul qilingungacha betartib qurilishlar ko‘p bo‘lgan. Lekin, bosh reja qabul qilingandan keyin, hozirda juda ham qattiq elektron tizim ishlamoqda. Yaqinda, 20 kun oldin inson omilisiz ishlaydigan tizimni ishga tushirdik. Umumiy yoki qurilish maydoni hamda binolar qavatlari soni bosh rejaga to‘g‘ri kelmasa, tizimning o‘zi „loyiha bosh rejaga mos kelmaydi“, deb, uni rad etadi”, — dedi Sherzod Hidoyatov.

Amaldagi tartibga ko‘ra, qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun obyekt Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak. 2 qavatdan yuqori bo‘lmagan va maydoni 500 kv.metrdan ortiq bo‘lmagan turar joy obyektlari va maydoni 300 kv.metrdan ortiq bo‘lmagan noturar joy obyektlari ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.

Aprel oyida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi Qurilish vazirligidan hukumat bo‘ysunuviga o‘tkazildi. Inspektorlar qurilishlarda nazoratni amalga oshirishda bodikamera va maxsus planshetlardan foydalanishlari kerak.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda 38 ming xonadonga ega noqonuniy uy-joylar aniqlangani haqida yozgandi.