Shavkat Mirziyoyev Tokioga rasmiy tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) boshqaruvchisi Nobumitsu Xayasini qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur yetakchi moliyaviy institut bilan strategik sheriklikni yana-da kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Keyingi yillarda bank bilan hamkorlikdagi ijobiy surʼat mamnuniyat bilan qayd etildi. Loyihalarning umumiy portfeli $5 mlrddan oshgan hamda neft-kimyo, energetika, telekommunikatsiyalar, infratuzilma, yengil sanoat va boshqa sohalarni qamrab olgan.

Energetika, transport, AT infratuzilmasini rivojlantirish, sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda umumiy qiymati $10 mlrddan ziyod yangi loyihalarni sifatli tayyorlash hamda boshlanganlarining natijadorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Ijtimoiy sohada DXSH loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga hamda xususiy sektorni rivojlantirishga investitsiyalarni kengaytirish muhim ekani taʼkidlandi. O‘z navbatida, boshqaruvchi Nobumitsu Xayasi sheriklik natijalarini yuqori baholadi va O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

O‘zbekiston yetakchisi, shuningdek, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Akixiko Tanaka bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda moliya instituti bilan hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surishning amaliy jihatlari muhokama qilindi. Loyihalar doirasida mablag‘larni o‘zlashtirish surʼati sezilarli o‘sgani qayd etildi.

Loyihalar portfeli $8 mlrddan oshdi. Sog‘liqni saqlash, energetika, transport, taʼlim, sanoat va boshqa ustuvor sohalarda yana $3 mlrddan ortiq qiymatga ega tashabbuslar ishlab chiqilmoqda.

Tashrif doirasida iqtisodiy zonalar, taʼlim, qishloq xo‘jaligi, transport sohalarini rivojlantirish hamda tibbiy uskunalar yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.

Yaponiya tomoni qo‘shma Inson resurslarini rivojlantirish markazi va Yoshlar innovatsiya markazini qo‘llab-quvvatlash yuqori baholandi. JICA’ning energetika, tadbirkorlik, bandlik, kambag‘allikka qarshi kurashish, muhandislarni tayyorlash hamda “Bir qishloq — bitta mahsulot” loyihasi ko‘lamini oshirishdagi ishtirokini kengaytirishga eʼtibor qaratildi.

Tomonlar Yaponiya investorlari uchun maxsus iqtisodiy zona barpo etish loyihasini tez fursatlarda ishga tushirishga tayyor ekanini bildirdi. Uchrashuv yakunida davlat rahbari JICA bilan 2030-yilga qadar Yangi hamkorlik dasturi doirasidagi loyihalarni o‘z vaqtida tayyorlash va ularning natijalari barqaror bo‘lishini taʼminlash muhimligini taʼkidladi.


Avvalroq prezident Yaponiya ishbilarmonlari bilan hamkorlik yo‘nalishlarini belgilagandi.