Avvalroq Abdug‘ani Sanginov O‘zbekneftgaz boshqaruvi raisi etib tayinlangani haqida xabar berilgandi. Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Sanginov jamoaga tanishtirildi.

Yig‘ilishda, shuningdek, soha oldida turgan dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, sohada kutilgan natijalarga erishilmayotgani tanqid qilindi.

Ushbu holatlarni bartaraf etish bo‘yicha geologiya-qidiruv va qazib chiqarish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish, har bir yo‘nalish faoliyatini qat‘iy va samarali choralar asosida qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta‘kidlandi.

Shuningdek, kompaniya strukturasini xalqaro standartlar asosida joriy qilish, yangi boshqaruv yondashuvlarini qo‘llash, strategik loyihalarni amaliy natijaga yo‘naltirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Xorijiy hamkorlar bilan aloqalar formatini tahlil qilish, mavjud moliyaviy resurslardan samarali foydalanish lozimligi alohida qayd etildi.

Abdug‘ani Sanginov “qisqa muddatlarda O‘zbekneftgaz'ni transformatsiya qilish bo‘yicha yangi strategiyani qabul qilish, jamoa bilan birgalikda gaz qazib chiqarishni barqarorlashtirish va sohada tizimli natijalarga erishilishi"ni bildirdi.

Prezident topshirig‘i bilan sohadagi boshqaruvni yana-da kuchaytirish maqsadida iqtisodiyot va moliya vazirining neft va gaz bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy qilingani qayd etildi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmatining Spot‘ga ma‘lum qilishicha, neft va gaz yo‘nalishi uchun amaldagi vazir o‘rinbosari Xurshed Mustafayev mas‘ul bo‘ladi. Vazirlik veb-saytida ham tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan.


Avvalroq Alisher Sultonov prezidentning energetik xavfsizlik bo‘yicha vakili lavozimidan ozod etilgandi.