Senatning 12-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun muhokama qilindi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Samolyotlarning uchishi yoki qo‘nishi paytida ularning ekipajiga lazer nurlarini yo‘naltirilishi qo‘nish yoki parvoz jarayonida ekipaj diqqatini chalg‘itib, halokat xavfini oshiradi.

Lazer nurlarini huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga yo‘naltirish ularning ko‘zini vaqtincha ko‘rmay qolishiga olib kelishi mumkin. Bu esa jamoat xavfsizligini taʼminlash va tartibsizliklarning oldini olish jarayoniga salbiy taʼsir ko‘rsatadi.

Ko‘pgina xorijiy davlatlarda lazer qurilmalarining foydalanishini cheklovchi va nazorat qiluvchi qonunlar qabul qilingan.

O‘zbekistonda ham jamoat xavfsizligini taʼminlash maqsadida ushbu turdagi qurilmalarni nazorat qilish, ularni litsenziyalash va noqonuniy foydalanish holatlarini jazolash bo‘yicha choralar qatorida mazkur qonun qabul qilinmoqda.

Qonun mahalla huquq-tartibot maskanlari va tayanch punktlarining tarkibini hamda ularda xizmat qiluvchi inspektorlarning vakolatlarini aniqlashtirishga qaratilgan.

Shuningdek, patrul-post xizmati saf bo‘linmalari mansabdorlari tuzgan maʼmuriy bayonnomalarni ko‘rib chiqish va jazo choralarini qo‘llash vakolatiga ega shaxslar belgilanmoqda.

Bundan tashqari, portativ lazerli nur tarqatgichlarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlik joriy etilmoqda.

Senatorlar qonun mahallalarda xavfsizlikni kuchaytirish va huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qilishini taʼkidladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Avvalroq Senat 2026-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni maʼqullagandi.