Avvalroq qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov fuqarolarni uy-joy sotib olishdan oldin obyektning Qurilish nazorati inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tganini tekshirishga chaqirgandi.
Vazirlik matbuot xizmati ushbu fikrlar turli mulohazalarga sabab bo‘layotgani va tushunmovchiliklarni keltirib chiqarayotgani bois izoh berdi.
Hidoyatov fuqarolar uy-joy sotib olishdan avval uning qonuniyligi va seysmik xavfsizligini “Shaffof qurilish” tizimi orqali tekshirib olishlari mumkinligini aytgandi.
Tushunmovchiliklar bois ayrim fuqarolar buni open-data.mc.uz sayti orqali tekshirishga uringan va platforma faoliyati yuzasidan e‘tirozlarini bildirgan. Taʼkidlanishicha, mazkur imkoniyat dshk.shaffofqurilish.uz saytida yaratilgan.
Ushbu platforma orqali ko‘p qavatli turar joylar bilan birga, har qanday qurilayotgan bino-inshoot haqida to‘liq ma‘lumot olib, obyektning qurilishga oid hujjatlari bilan tanishib chiqish mumkin.
Vazirlikning qayd etishicha, open-data.mc.uz platformasi boshqa maqsadlar uchun yaratilgan bo‘lib, hozirda test rejimida ishlaydi.
Qo‘shimcha qilinishicha, “Shaffof qurilish” platformasiga sun‘iy intellekt texnologiyalarini joriy etib, yil oxirigacha to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan.
Shaffof qurilish tizimi qanday ishlaydi?
Buning uchun dshk.shaffofqurilish.uz saytiga kirib viloyatni belgilash kerak. Hudud xaritasida 3 xil rangdagi nuqtalar paydo bo‘ladi:
- ko‘k — qurilayotgan;
- qizil — qurilishi to‘xtatilgan;
- qora — qurilishi bekor qilingan obyektlar hisoblanadi.

Kerakli obyekt tanlanganda uning nomi, manzili va buyurtmachisi paydo bo‘ladi. “QR pasportni ko‘rish” tugmasi orqali hujjatlar bilan tanishish, shuningdek, obyekt qavati, maydoni, sarflanayotgan mablag‘ haqidagi maʼlumotlarni ham olish mumkin.
Qurilish vaziri O‘zbekistonda 38 ming xonadondan iborat noqonuniy qurilgan ko‘p qavatli uylar mavjudligini maʼlum qildi. Sherzod Hidoyatovning so‘zlariga ko‘ra, ular bo‘yicha ishchi guruh tuzilib, vazirlik vakillari joylarga chiqqan holda obyektlarning seysmik mustahkamligini o‘rganadi.
Bunda malakali konstruktorlar ishtirokida texnik tekshiruv shaklida instrumental tekshiruv o‘tkaziladi. Undan keyin boshqa masalalar ko‘rib chiqilib, zarur hujjatlar rasmiylashtiriladi.
Vazirlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur holatlar yillar davomida to‘planib qolgan va aniqlangan kamchiliklardir. Qurilish sohasida aniqlangan qonunbuzarliklar bugungi kunda ochiq aytilayotgan va tizimli tarzda bartaraf etilayotgan muammo ekanligi bildirildi.
Avvalroq Toshkent bosh rejasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha hukumat qarori tayyorlanayotgani haqida xabar berilgandi.
