Starlink sun’iy yo‘ldoshlaridan biri nosozlikka uchrab, boshqaruvni yo‘qotdi. Bu haqda operator X’dagi xabarida ma’lum qildi.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, Starlink-35956 sun’iy yo‘ldoshida 17-dekabr kuni g‘ayrioddiy holat yuz bergan.

Buning oqibatida kosmik obyekt bilan aloqa uzilgan va 418 kilometr balandlikda joylashgan, global tizimga kiruvchi sun’iy yo‘ldosh nazoratdan chiqib qolgan.

Qayd etilishicha, anomaliya yoqilg‘i bakidan gaz chiqishiga va katta yarim o‘qning taxminan to‘rt kilometrga tezda qisqarishiga olib kelgan.

“Sun'iy yo‘ldosh asosan butun, aylanmoqda va Yer atmosferasiga kiradi, u yerda bir necha hafta ichida to‘liq parchalanadi”, — deya ta’kidladi SpaceX.

Starlink muhandislari sun’iy yo‘ldoshning pasayish trayektoriyasini o‘rganib chiqdi va u Xalqaro kosmik stansiya (XKS) ekipaji uchun xavf tug‘dirmasligini ta’minladi. Sun’iy yo‘ldosh 2025-yil 23-noyabrda uchirilgan.

Noyabr oyida Emirates o‘z samolyotlarida Starlink bepul internetini ishga tushirishi haqida xabar berilgandi.

Birinchi samolyotlar shu oyda internetga ulanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qolgan samolyotlar esa 2027-yilning o‘rtalarigacha zarur uskunalar bilan jihozlanadi.

Avvalroq Spot 2025-yil 13-avgustdan boshlab Qozog‘istonda Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti rasman ishlay boshlagani haqida yozgandi.

Endi mamlakat aholisi SpaceX kompaniyasining past orbitali sun’iy yo‘ldoshlari tarmog‘iga qonuniy ravishda ulanishlari va eng chekka hududlarda ham barqaror internetga ega bo‘lishlari mumkin.