O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish doirasida Yevropa Ittifoqi va Ekvador bilan bitimlar imzoladi. Bu haqda prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunov LinkedIn’da ma’lum qildi.

15-dekabr kuni O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan bozorga kirish to‘g‘risidagi ikki tomonlama protokolni imzoladi. Azizbek O‘runov buni “O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonida oldinga tashlangan muhim qadam” deb atadi.

17-dekabr kuni esa O‘zbekiston Ekvador bozoriga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlari bo‘yicha protokol imzoladi.

“Ekvador O‘zbekistonning Janubiy Amerikadagi ikkinchi yirik savdo sherigi hisoblanadi. Ekvadorning O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashi muhim ahamiyatga ega bo‘lib, Markaziy va Janubiy Amerika o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni konstruktiv rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratadi”, — dedi prezidentning JST bo‘yicha vakili.

16-dekabr kuni JST Bosh kengashi 2026-yilda Kamerunda bo‘lib o‘tadigan 14-Vazirlar konferensiyasiga tayyorgarlik doirasida ish boshladi.

ekvador, jahon savdo tashkiloti, yevropa ittifoqi

Sentabr oyida O‘zbekiston uchta davlat — Argentina, Avstraliya va Gonduras bilan bozorga kirish bo‘yicha ikki tomonlama protokollarni imzoladi. Tuzilgan bitimlarning umumiy soni 29 taga yetdi. Prezidentning JST bo‘yicha vakili tashkilotning yana ikki a’zosi bilan “prinsipial kelishuvlar"ga erishilganini ma’lum qildi.

Oktabr oyi oxirida O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni to‘liq yakunladi. O‘shanda prezidentning JST bo‘yicha vakili Panama bilan muzokaralar yakunlanganini ma’lum qilgandi.

Noyabr oyi boshida O‘zbekiston Kanada, Panama va Ekvador bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. Azizbek Urunovning aniqlik kiritishicha, to‘laqonli a’zolik uchun JSTga a’zo yana ikki davlat — Rossiya va Tayvan bilan kelishuvga erishish qolgan.


Avvalroq Spot Paragvay bilan O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi doirasida bozorga kirish masalalari bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlangani haqida yozgandi.