Tokioda Shavkat Mirziyoyev va Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichining muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlatlararo hamkorlikning deyarli barcha sohalarini qamrab olgan O‘zbekiston — Yaponiya strategik sheriklik munosabatlarini yana-da kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tovar ayirboshlash, investitsiyalar hajmi va Yaponiya sarmoyasi ishtirokidagi qo‘shma korxonalar sonining barqaror o‘sayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Energetika, geologiya, turizm, infratuzilmani rivojlantirish, AT va boshqa ustuvor sohalarda muhim loyihalarni amalga oshirib kelayotgan Sojitz, Toyota Tsusho, Sumitomo, Itochu, Kyoto Plaza, Balcom, Shikoku Electric kabi yetakchi yapon kompaniyalari O‘zbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) bilan qo‘shma loyihalar portfeli energetika, neft-kimyo, transport, taʼlim va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarni qamrab olgan.
Muzokaralarda parlamentlardagi “do‘stlik guruhlari”, iqtisodiy hamkorlik qo‘mitalari, ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha tarmoq uchrashuvlari va boshqa hamkorlik shakllarini faollashtirish muhimligi taʼkidlandi.



Davlat rahbari Yaponiya bilan strategik sheriklikni rivojlantirishning bir qator asosiy yo‘nalishlarini qayd etdi. “Yashil” energetika va sanoatda uglerod chiqarishni kamaytirish, axborot texnologiyalari, o‘ta muhim minerallar, mashinasozlik sohasidagi hamkorlik, sog‘liqni saqlash va turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish shular jumlasidan.
Mazkur sammitga tayyorgarlik doirasida qiymati $12 mlrddan ortiq bo‘lgan kooperatsiya loyihalarining yangi portfeli shakllantirilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ushbu loyihalarni ilgari surish uchun qo‘shma investitsiya platformasini yaratish taklif qilindi.
Bundan tashqari, Samarqand viloyatida Yaponiya modeli va standartlariga asoslangan maxsus iqtisodiy zonani barpo etish rejalari eʼlon qilindi.
Yaponiyalik hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan “Bir qishloq — bitta mahsulot” dasturining ko‘lamini kengaytirish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, o‘zaro savdo hajmini ko‘paytirish imkoniyatlari va yo‘llari, hududlararo aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Kelgusi yili Samarqandda ikki mamlakat hududlarining birinchi forumini o‘tkazish taklif qilindi.
Gumanitar almashinuvlarni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Taʼlim va kadrlar tayyorlash sohasi anʼanaviy ravishda ushbu ko‘p qirrali munosabatlarning muhim qismi sanaladi.
Yoshlarga kelgusida tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni egallashiga keng imkoniyatlar taqdim etayotgan O‘zbekiston — Yaponiya Inson resurslarini rivojlantirish markazi mamlakatda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekistondagi 7 ta oliy taʼlim muassasasida yapon tili o‘qitilmoqda. Tokio chet tillar universitetida mana 10 yildirki, o‘zbek tili o‘rganilmoqda.
Rektorlar forumi kadrlar tayyorlash sohasida tajriba almashish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda. Bugun Yaponiyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalari rektorlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Hamkorlik dasturlari, ilmiy va innovatsion almashinuvlarni kengaytirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Sukuba universiteti bilan birgalikda Toshkent shahrida birinchi O‘zbekiston — Yaponiya universitetini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Madaniy va sayyohlik aloqalarini kengaytirish maqsadida madaniyat kunlari, ko‘rgazmalar, yoshlar forumlari, kinofestivallarni muntazam o‘tkazib borish taklif qilindi. Tashrif arafasida Yaponiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligi munosabati bilan 2027-yilda ikki mamlakatda Madaniyat yillari o‘zaro o‘tkaziladi.
Muzokaralarda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.






Yakunda O‘zbekiston prezidenti va Yaponiya bosh vaziri Kelgusi avlodlar uchun kengaytirilgan strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzoladi.
Tashrif doirasida taʼlim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, suv resurslari, transport, shaharsozlik, turizm, qishloq xo‘jaligi, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish sohalarida salmoqli kelishuvlar to‘plami qabul qilindi. Ushbu hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Tokioda “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammitida ishtirok etgandi.









