“Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti sammiti doirasida Shavkat Mirziyoyev ko‘p tomonlama biznes forumida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi va Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston prezidentlari ham qatnashdi.

Mintaqaga Yaponiya investitsiyalari va ilg‘or texnologiyalarini jalb qilish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Qo‘shma iqtisodiy loyihalar taqdimot qilindi. Jumladan, Sumitomo, Chubu Electric Power, Shikoku Electric Power kompaniyalari tomonidan JBIC va NEXI ko‘magida O‘zbekistonda ikkita quyosh elektr stansiyasi quriladi.

Toyota Susho ishtirokida AT infratuzilmasi modernizatsiya qilinadi. Sojitz kompaniyasi ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini tashkil etadi.

Shuningdek, JOGMEC ishtirokida yangi o‘ta muhim mineral konlari o‘zlashtiriladi. Yetakchilar huzurida tegishli loyihalar bo‘yicha hujjatlar almashildi.


Avvalroq Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammitida qanday tashabbuslarni ilgari surgani haqida xabar berilgandi.