Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik hamda homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini tayinlash tartibi belgilandi. Bu haqdagi tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Hujjatga ko‘ra, sug‘urta hodisalari yuzaga kelganda sug‘urtalangan shaxslarga bir qator to‘lovlar to‘lanadi.
Jumladan, 2026-yildan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi va kelgusi yil 1-iyuldan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi to‘lab beriladi.
Sug‘urta hodisasi yuzaga kelganda to‘lovlar belgilangan shartlarga asosan tayinlanadi.
Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘lovlarini olish huquqi sug‘urtalangan shaxs mehnat munosabatlarida bo‘lgan davrda yuzaga keladi. Bu huquq fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida xizmat ko‘rsatilganda yoki qonunchilikda belgilangan boshqa rasmiy faoliyat bilan band bo‘lgan davrda ham qo‘llaniladi.
Homiladorlik va tug‘ish nafaqasini olish uchun kamida 10 oy sug‘urta staji talab qilinadi. Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasini olish uchun esa kamida 6 oy sug‘urta staji bo‘lishi shart.
Mazkur nafaqa mehnatga layoqatsizlik varaqasida ko‘rsatilgan barcha davr uchun to‘lanadi. Biroq to‘lov muddati bir kalendar yilda 182 kalendar kundan oshmasligi shart.
Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi sug‘urtalangan shaxsning sug‘urta stajiga mos ravishda, o‘rtacha oylik ish haqiga staj koeffitsiyentini qo‘llash orqali hisoblanadi.
- 10 oydan 24 oygacha (24-oy ham kiradi) sug‘urta stajiga ega bo‘lganda — 75%;
- 25 oydan 60 oygacha (60-oy ham kiradi) sug‘urta stajiga ega bo‘lganda — 85%;
- 61 va undan ortiq oy sug‘urta stajiga ega bo‘lganda — 100%.
Sug‘urtalangan shaxslarga tayinlangan davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni to‘lash moliyaviy agent tomonidan amalga oshiriladi.
Avvalroq O‘zbekistonda ish haqi, pensiya va nafaqalar 2030-yilgacha inflyatsiyadan yuqori oshirilishi belgilangandi.
