O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlamoqda, biroq bu jarayon cho‘zilib ketmoqda. Bu haqda prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunov ma’lum qildi.

U O‘zbekiston hukumati JSTga a’zo bo‘lish g‘oyasiga butunlay sodiqligini ta’kidlab, keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirayotgani va qolgan barcha masalalarni hal qilishga tayyorligini qayd etdi.

Urunov Ishchi guruh a’zolarining “izchil va aniq fikr-mulohazalari” zarurligini ta’kidlab, O‘zbekistonning 2026-yilda Kamerunda bo‘lib o‘tadigan 14-Vazirlar konferensiyasiga qadar JSTga a’zo bo‘lish maqsadiga to‘liq erishish mumkinligini aytdi.

“JSTning barcha a’zolariga, istisnosiz, ushbu jarayonni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirganlari uchun yana bir bor samimiy minnatdorchiligimizni izhor etmoqchiman. Shu bilan birga, jarayonning kutilmaganda sekinlashishi mumkinligi bizni tobora xavotirga solmoqda. Bunday tasavvur Ishchi guruhning ish sikllari doirasida biz oladigan ayrim savollarning xarakteri, muddati va mazmuniga asoslanadi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston ikki tomonlama muzokaralarni yakunlashning so‘nggi bosqichida turibdi. Bugungi kunga qadar 33 ta davlat bilan kelishuvlarga erishilgan, ularning 30 tasi bilan protokollar imzolangan.

azizbek urunov, jahon savdo tashkiloti, jst

Rossiya bilan ikki tomonlama muzokaralar allaqachon yakunlangan va tegishli bayonnoma kelasi hafta imzolanishi rejalashtirilgan.

“Bozorlarga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar oktabr oyida yakunlanishiga ishonchimiz komil, chunki biz allaqachon ichki konsolidatsiya bosqichini boshladik. Shu bilan birga, ta’kidlash joizki, ayrim protokollar, afsuski, bozorlarga kirish bilan bog‘liq bo‘lmagan masalalar tufayli imzolanmagan yoki rasman yopilmagan holda qolmoqda”, — dedi Urunov.

Prezidentning JST bo‘yicha vakili O‘zbekiston tashkilotga a’zo bo‘lishni shunchaki iltimos sifatida so‘ramayotganini, balki JSTning asosiy qadriyatlari: savdoda adolat, shaffoflik va oldindan ko‘ra bilish kabilarni baham ko‘rgan holda halol va o‘zaro manfaatli hamkorlikni taklif qilayotganini ta’kidladi.

Azizbek Urunovning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston qolgan barcha bandlar bo‘yicha jiddiy ishlash va zarur o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun ochiq qoladi.

“Shu ma’noda, biz jarayonni asossiz kechiktirmaslikni qat’iy va hurmat bilan so‘raymiz hamda bundan juda minnatdor bo‘lardik. Va nihoyat, eng muhimi: biz a’zolik jarayoni keyingi Vazirlar konferensiyasiga qadar muvaffaqiyatli yakunlanmasligi uchun hech qanday obyektiv sabablarni ko‘rmayapmiz. Biz O‘zbekiston JST oilasining konstruktiv va mas’uliyatli a’zosi sifatida qabul qilinishi uchun to‘liq tayyor va sodiq bo‘lishiga barcha asoslar borligini ko‘ryapmiz”, — deya xulosa qildi vakil.

Sentabr oyida O‘zbekiston tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha uchta davlat — Argentina, Avstraliya va Gonduras bilan protokollarni imzoladi. Azizbek Urunov JSTning yana ikki a’zosi bilan prinsipial kelishuvlarga erishilganini qayd etgandi.

Oktabr oyi oxirida Yevropa Ittifoqi bilan ham muzokaralar to‘liq yakunlandi. Prezidentning JST bo‘yicha vakili Yevropa Ittifoqi oktabr oyi o‘rtalarida shartnoma imzolangan Panamadan keyin O‘zbekiston bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagan JSTning 31-a'zosi bo‘lganini ta’kidladi.

Noyabr oyi boshida O‘zbekiston Kanada, Panama va Ekvador bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. Azizbek Urunovning aniqlik kiritishicha, to‘laqonli a’zolik uchun JSTga a’zo yana ikki davlat — Rossiya va Tayvan bilan kelishuvga erishish qolgan.

Avvalroq Spot O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish doirasida Yevropa Ittifoqi va Ekvador bilan bitimlar imzolagani haqida yozgandi.