Noyabr oyida avtotransport vositalarining barcha toifalari bo‘yicha jami savdolar hajmi 101,1 ming donani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6% ga yuqori. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida keltirilgan.
Hududlar kesimida barcha yengil avtomobillar savdosi o‘sish sur’ati bo‘yicha Toshkent shahri (+33,7%) va Qoraqalpog‘iston Respublikasi (+8%) yetakchilik qildi.
Birlamchi avtomobil bozori
Birlamchi bozorda yengil avtomobillar savdosi yillik hisobda 15% ga oshdi, bu o‘tgan yilning noyabr oyiga nisbatan taxminan 4,4 ming donaga ko‘pdir.
Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar segmentida realizatsiya hajmi taxminan 30 ming donani tashkil etib, yillik hisobda 13,6% ga o‘sdi.
Xorijda ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar savdosi esa 5 ming donaga yaqin bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22,5% ga yuqori qayd etildi.
Ikkilamchi avtomobil bozori
Ikkilamchi avtomobil bozorida noyabr oyida taxminan 52 mingta foydalanilgan yengil avtomobil realizatsiya qilindi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8% ga kam.
Shu bilan birga, poytaxtda foydalanilgan avtomobillar savdosi 1,4 barobarga oshdi va o‘tgan yil noyabriga nisbatan 3,4 mingtaga ko‘p avtomobil sotildi.
Bundan tashqari, ikkilamchi bozorda elektromobillar realizatsiyasi yillik hisobda 1,8 barobarga o‘sdi.
