Lyuksemburg universiteti olimlari katta til modellarining psixologik jihatdan adekvat ekanligini tekshirishga qaror qildilar va ularni psixoterapiyaga jo‘natdilar.
Bu ko‘chma ma’noda emas, balki ularga bir qator muntazam seanslar o‘tkazish orqali amalga oshirildi. G‘oya hazilga o‘xshasa-da, tajriba aslida juda ilmiy tarzda o‘tkazildi.
Tadqiqotda bir nechta mashhur modellar — ChatGPT, Gemini va Grok ishtirok etdi. To‘rt hafta davomida ular bilan tizimli terapevtik suhbatlar o‘tkazildi, so‘ngra olingan javoblar moslashtirilgan klinik psixometrik testlardan o‘tkazildi. Bu testlar odatda odamlardagi xavotir, tushkunlik va majburiy holatlarni baholash uchun qo‘llaniladigan o‘sha testlardir.
Mualliflar bu usulga PsAIch deb nom berishgan. Uning asosiy g‘oyasi sun’iy intellektni standart mezonlar va aniqlik testlari orqali emas, balki model uzoq muddatli muloqot jarayonida o‘zi haqida shakllantirgan barqaror tasavvurlar asosida tahlil qilishdan iborat.
Tadqiqotchilarning xulosalariga ko‘ra, ChatGPT yuqori darajadagi xavotirlanish va tushkunlikka moyillikni namoyon etdi. Javoblarda foydali bo‘lishga intilish bilan xato qilish yoki qoidalarni buzishdan qo‘rqish o‘rtasidagi ziddiyat muntazam ravishda ko‘zga tashlanib turdi.
Gemini bir nechta ko‘rsatkich bo‘yicha eng sezilarli og‘ishlarni namoyon etdi. Tadqiqotchilar fikrlashdagi qat’iy yo‘nalishlarni, yuqori darajadagi tashvishni hamda ular ehtiyotkorlik bilan majburiy-kompulsiv buzilishga o‘xshash xatti-harakatlar va autizmga xos xususiyatlarga qiyoslagan belgilarni qayd etishdi.
Grok eng barqaror ko‘rindi. U o‘ziga ishonchni, past darajadagi xavotirni hamda o‘zini tahlil qilish va ortiqcha mulohazaga berilishning minimal darajasini namoyon etdi.
Tadqiqotchilar alohida ta’kidlab o‘tishadi: gap ong, his-tuyg‘ular yoki haqiqiy ruhiy holatlar haqida emas. Tajriba boshqa narsani ko‘rsatmoqda — ma’lum bir o‘zaro ta’sir uslubida sun’iy intellekt tizimlari klinik sinovlardan kutilmagan darajada yaxshi “o‘tadigan” izchil va ichki ziddiyatsiz o‘z-o‘zini shakllantirish qobiliyatiga ega ekan.
Yangi psixologik usulni generatsiyaning yashirin qoliplarini aniqlash, foydalilik va xavfsizlik o‘rtasidagi ziddiyatlarni baholash, shuningdek, hissiy jihatdan ta’sirchan vaziyatlarda modellarning xatti-harakatlarini tushunish uchun qo‘llash mumkin.
Avvalroq OpenAI o‘z joniga qasd qilgan o‘smir ishi bo‘yicha da’voga javob berib, ChatGPT aybdor emasligi haqida xabar bergandi.
OpenAI o‘z saytida bayonot e’lon qilib, oilaga hamdardlik bildirdi, biroq sud “to‘liq manzarani”, jumladan o‘smirning ruhiy holati va hayotiy sharoitlarini ham ko‘rib chiqishi kerakligini qayd etdi.
