Jismoniy shaxslar uchun mikroqarz va iste‘mol kreditlarini olish mumkin bo‘lgan maksimal miqdorlar belgilandi. Bu haqdagi Markaziy bank qarori davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Unga ko‘ra, banklarga o‘rnatiladigan makroprudensial normativlarga qarz oluvchining iste‘mol kreditlari va mikroqarzlari bo‘yicha qarzning daromadga nisbati ko‘rsatkichini hisoblash talabi qo‘shildi.
2026-yil 1-martdan boshlab, agar qarz oluvchining (birgalikda qarz oluvchining) o‘rtacha oylik daromadini aniqlash imkoniyati mavjud bo‘lsa, qarz miqdori daromadning 8 baravaridan, aniqlash imkoni bo‘lmasa — 5 baravaridan oshmasligi kerak.
Masalan, qarz oluvchining o‘rtacha oylik daromadi 5 mln so‘mni tashkil etsa, u daromadining 8 baravari — 40 mln so‘mdan ortiq miqdorda iste‘mol krediti yoki mikroqarz ololmaydi.
Bu talab yakka tartibdagi tadbirkorlarga beriladigan kreditlar va ta‘lim kreditlariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Qaror 2026-yilning 21-yanvaridan kuchga kiradi.
Markaziy bank avgust oyida banklar 1,1 mln holatda keragidan ortiq darajada mikroqarz ajratganini bildirgan edi. Regulyatorning qayd etishicha, joriy yilning uch oyida fuqarolarga ko‘rsatilganidan ko‘p miqdorda kredit ajratilgan. Bunday agressiv kreditlash aholiga moliyaviy muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Oktabr oyida banklarga aholiga kredit ajratishda yangi talablar belgilandi. Endilikda banklar mijozlarga tavakkalchiliklar bo‘yicha cheklist beradi, oldindan rozilik belgilarini o‘rnatmaydi, kreditni nafaqa va yordam pullaridan undirmaydi hamda to‘lov jadvaliga qat’iy amal qiladi.
Spot, avvalroq, bir nechta banklar birga kredit ajratishi bo‘yicha tartib belgilangani haqida yozgandi.
