Banklar tomonidan sindikatlashgan kreditlarni ajratish tartibi belgilandi. Bu haqdagi tegishli nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Unga ko‘ra, sindikatlashgan kredit qarz oluvchini birgalikda moliyalashtirish uchun bank sindikati ishtirokchilari tomonidan ajratiladigan kredit hisoblanadi.
Bank, xorijiy bank, xalqaro moliya tashkiloti yoki ro‘yxatdan o‘tkazgan davlat qonunchiligiga muvofiq kredit ajratishga haqli bo‘lgan chet el yuridik shaxsi bank sindikati ishtirokchisi bo‘lishi mumkin.
Qarz oluvchi bankka sindikatlashgan kredit olish haqida ariza bilan murojaat qiladi.
Bank sindikatlashgan kredit ajratish mumkinligi to‘g‘risida qaror qabul qilgan taqdirda, qarz oluvchi bilan sindikatlashgan kreditning dastlabki shartlarini kelishib oladi.
Yetakchi ishtirokchi bank sindikatida ishtirok etishi mumkin bo‘lgan potensial ishtirokchilarga qarz oluvchi to‘g‘risida maʼlumotlarni o‘z ichiga olgan bank sindikatida ishtirok etish bo‘yicha taklifni yuboradi.
Bank sindikati sindikat ishtirokchilari o‘rtasidagi yozma kelishuv asosida tuziladi va unda sindikat ishtirokchilari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, huquq va majburiyatlar belgilanadi.
Spot, avvalroq, Jahon banki O‘zbekistonga $100 mln kredit va $5 mlnlik grant ajratishi haqida yozgandi.
