O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha Rossiya bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. Bu haqda prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunov ma’lum qildi.
21-dekabr kuni Shavkat Mirziyoyevning Sankt-Peterburgga amaliy tashrifi doirasida Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov bilan birgalikda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi jarayonida bozorga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlovchi bayonnoma imzolandi.
“Muzokaralar uzluksiz, shu bilan birga, mazmunli va konstruktiv ruhda o‘tdi va bugungi ijobiy natija bilan yakunlandi”, — deb yozdi Urunov LinkedIn’da.
U O‘zbekistonning tashkilotga qo‘shilish jarayonidagi faol ishtiroki uchun Rossiyaga, yetakchiligi uchun vazir Reshetnikovga, qo‘shgan hissasi uchun Savdo muzokaralari departamenti direktori Yekaterina Mayorovaga, jarayonni muvofiqlashtirgani uchun Rossiyaning JSTdagi doimiy vakili Nikolay Platonovga hamda samarali hamkorlik uchun Rossiya muzokara jamoasiga minnatdorchilik bildirdi.
Prezidentning JST bo‘yicha vakili, shuningdek, “doimiy qo‘llab-quvvatlab kelayotgan mamlakat rahbariyatiga hamda fidokorona mehnati uchun” O‘zbekiston muzokara jamoasiga ham minnatdorchilik bildirdi.


“Garchi hali ayrim ishlar yakuniga yetkazilishi lozim bo‘lsa-da, endilikda e’tiborimiz ko‘p tomonlama muzokaralarni jadallashtirish, zarur qonunchilik islohotlarini yakunlash va kelgusi yilda JSTga a’zo bo‘lish jarayonini muvaffaqiyatli yakunlashga qaratiladi”, — deya xulosa qildi.
Noyabr oyida O‘zbekiston Rossiya bilan tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni deyarli yakunladi. Urunov barcha muhim elementlar muvofiqlashtirilib, yakuniy tekshiruv hamda tasdiqlashni talab qiladigan bir nechta texnik jihatlar qolganini ma’lum qildi.
O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi
Sentabr oyida O‘zbekiston tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha uchta davlat — Argentina, Avstraliya va Gonduras bilan protokollarni imzoladi. Azizbek Urunov JSTning yana ikki a’zosi bilan prinsipial kelishuvlarga erishilganini qayd etgandi.
Oktabr oyi oxirida Yevropa Ittifoqi bilan ham muzokaralar to‘liq yakunlandi. Prezidentning JST bo‘yicha vakili Yevropa Ittifoqi oktabr oyi o‘rtalarida shartnoma imzolangan Panamadan keyin O‘zbekiston bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagan JSTning 31-a'zosi bo‘lganini ta’kidladi.
Noyabr oyi boshida O‘zbekiston Kanada, Panama va Ekvador bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. Azizbek Urunovning aniqlik kiritishicha, to‘laqonli a’zolik uchun JSTga a’zo yana ikki davlat — Rossiya va Tayvan bilan kelishuvga erishish qolgan.
Urunov O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlayotganiga qaramay, jarayon cho‘zilib ketayotganini qayd etdi. U a’zo bo‘lish jarayonini kechiktirmaslikka chaqirib, barcha masalalarni muhokama qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish doirasida Yevropa Ittifoqi va Ekvador bilan bitimlar imzolagani haqida yozgandi.


