Amerikaning Digitain tahliliy kompaniyasi 2025-yil dekabr oyida foydalanuvchilarning maxfiyligi bilan bog‘liq xavf-xatarlar bo‘yicha katta tadqiqot o‘tkazdi.

Tadqiqot doirasida qaysi mashhur brauzerlar odamlarning ma’lumotlarini eng yomon himoya qilishi aniqlandi.

Ekspertlar brauzerlarni 100 ballik shkalada baholadilar. Ball qanchalik past bo‘lsa, brauzer shunchalik xavfsiz hisoblanadi va aksincha.

Mutaxassislar barcha jihatlarni, jumladan, maxfiylik va kross-kuzatuvdan himoyalanish, kuzatuvchi dasturlarni bloklash, kengaytmalar, ulanishlar va navigatsiya xavfsizligini inobatga olishdi.

Natijalar quvonarli emas. Deyarli barcha eng mashhur brauzerlar foydalanuvchi ma’lumotlarini himoya qilishda yomon ishlaydi.

Ayniqsa, yaqinda ishga tushirilgan ChatGPT Atlas (ichida chat-boti mavjud bo‘lgan OpenAI brauzeri) salbiy tomonga ajralib turdi. U 100 balldan 99 ball oldi — brauzer ma’lumotlarni shifrlash, kuzatuvdan himoyalash, zararli saytlarni bloklash, ma’lumotlarni seanslar orasida tozalash kabi vazifalarni bajarmaydi hamda ma’lumotlar sizib chiqishi, tizimga ruxsatsiz kirish va firibgarlikka nisbatan zaif hisoblanadi.

Antireytingning ikkinchi o‘rnini dunyodagi eng ommabop brauzer — Google Chrome egalladi. U 76 ball to‘pladi. Ekspertlarning fikricha, ushbu brauzerda ma’lumotlarni himoya qilish vositalari mavjud, biroq 2025-yilga kelib ular yetarli bo‘lmaydi.

Eng xavfli brauzerlar:

  • ChatGPT Atlas — 99 ball;
  • Google Chrome — 76;
  • Vivaldi — 75;
  • Microsoft Edge — 63;
  • Opera — 58;
  • Ungoogled — 55;
  • Mozilla Firefox — 50;
  • Safari — 49;
  • DuckDuckGo — 44.
  • Tor — 40.

ChatGPT Atlas va Perplexity kompaniyasining Comet kabi sun’iy intellektga asoslangan yangi brauzerlar bugungi kunda ko‘pchilikning e’tiborini tortmoqda va millionlab odamlar shov-shuv tufayli ularni sinab ko‘rishmoqda.

Ushbu brauzerlar an’anaviy brauzerlarda bo‘lmagan qiziqarli xususiyatlarga ega, biroq foydalanuvchilar to‘xtab, ularning qanchalik xavfsiz ekanligini tekshirib ko‘rishlari kerak.

“Sun'iy intellekt ma’lumotlarni to‘plash va ulardan o‘rganish orqali ishlaydi, ya’ni bu vositalar siz o‘ylagandan ko‘ra ko‘proq shaxsiy ma’lumotlaringizni to‘plashi ehtimoli bor. Biror narsaning sun’iy intellektdan foydalanishi uni avtomatik ravishda xavfsiz yoki maxfiy qilib qo‘ymaydi”, — dedi Digitain kompaniyasining raqamli marketing guruhi rahbari Paruyur Arutyunyan.

Tahlilchilar Brave, Mullvad Browser va Tor kabi brauzerlarni alohida maqtab o‘tishdi. Bu brauzerlarda foydalanuvchilar maxfiyligiga eng ko‘p e’tibor qaratilgan. Xususan, Brave brauzeri ochiq kodli, maxfiylikka yo‘naltirilgan va foydalanuvchilarni kuzatishni minimal darajaga tushiradigan brauzer sifatida o‘zini namoyon etmoqda.