Prezidentning bojxona maʼmuriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yana-da soddalashtirish bo‘yicha farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-martdan tovarlarni ular chegara o‘tkazish punktiga yetib kelgunigacha dastlabki deklaratsiyalash orqali erkin muomalaga chiqarish bojxona rejimiga joylashtirishda bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘im miqdori 20%ga pasaytiriladi.

Shuningdek, bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib (kechiktirib) to‘lashda 14 kungacha foizlar hisoblanmaydi.

Kelgusi yil 1-maydan tovarlarni davriy deklaratsiya orqali rasmiylashtirishda bojxona to‘lovlarini tovarlar respublika hududiga kirib kelganda har bir partiya uchun alohida to‘lash imkoniyati yaratiladi.

Bojxona organlarining axborot tizimida xavf aniqlanmagan taqdirda, bojxona yuk deklaratsiyalari avtomatik ravishda rasmiylashtiriladi.

Bunday tartib yirik soliq to‘lovchi tashkilotlar, davlat tashkilotlari hamda davlat ulushi 50%dan yuqori bo‘lgan tashkilotlar tomonidan import qilinayotgan tashqi savdo yuklariga nisbatan qo‘llanadi.

Shu bilan birga, tarif va notarif cheklovlar tatbiq etilmaydigan eksport yuklari ham avtomatik rasmiylashtiruvdan o‘tkaziladi.

Tadbirkorlarning barqarorlik reytingida yuqori va o‘rta darajalarini egallagan vakolatli iqtisodiy operatorlarga qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etiladi.

Jumladan, bojxona to‘lovlari va soliqlar qaytariladi, o‘zaro hisobga olishda soddalashtirilgan tartibotlar joriy etiladi.

Tovarlarni qadoqlash, o‘rash, saralash va tozalash kabi qayta ishlash operatsiyalarida qayta ishlash uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi.

Farmonga ko‘ra, Chegara qo‘shinlari tomonidan shaxslarni pasport nazoratidan o‘tkazishda quyidagi asoslarga ko‘ra bojxona organlarini xabardor etish yo‘lga qo‘yiladi:

  • bojxona organlari axborot tizimida shaxsning bojxona nazoratidagi avtotransport mavjudligi to‘g‘risida maʼlumot bo‘lsa;
  • shaxs bojxona haqidagi qonun hujjatlarini buzganligi yoki buzish xavfi mavjud bo‘lsa.

2026-yil 1-iyundan tadbirkorlarga bojxona bojini 120 kungacha kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.

Bojxona to‘lovlari to‘lanishini taʼminlashning bosh taʼminoti turidan foydalanishda xavflarni boshqarish tizimining natijalaridan kelib chiqib, tadbirkorlarga pasaytirilgan miqdorda taʼminot taqdim etiladi.

2026-yil 1-iyuldan bojxona auditi doirasida “maslahatchi auditor” tamoyili joriy etiladi. Unga ko‘ra, audit rejalashtirilgan tadbirkorga aniqlangan kamchiliklar oldindan ma‘lum qilinib, ularni mustaqil ravishda bartaraf etish imkoniyati yaratiladi.

Bojxona organlari tomonidan tadbirkorlar faoliyatida o‘tkazilgan bojxona nazorati natijalari tadbirkorlarning barqarorlik reytingini aniqlashda inobatga olinadi.


Avvalroq davriy bojxona to‘lovlarini to‘lash grafigini tuzish va taqdim etish tartibi belgilangandi.