O‘zbekiston 2025-yilning 11 oyi davomida rekord miqdorda oltin sotdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida keltirilgan.
O‘tgan oyda mamlakat oltin eksportini to‘liq to‘xtatdi. Bu joriy yilda Markaziy bank qimmatbaho metallni sotmagan to‘rtinchi oy bo‘ldi — yanvar, iyun, oktabr va noyabr oylarida oltin eksport qilinmadi.
Qolgan oylarda yetkazib berish hajmi quyidagicha bo‘lgan: fevralda — $1,73 mlrd, martda — $1,84 mlrd, aprelda — $1,91 mlrd, mayda — $1,01 mlrd, iyulda — $1,09 mlrd, avgustda — $836 mln, sentabrda esa — $1,47 mlrd.
Yanvar-noyabr oylarida qimmatbaho metall eksporti $9,9 mlrddan oshib, o‘tgan yilga nisbatan 49,4% ga o‘sdi. Oltin umumiy eksportning qariyb uchdan bir qismini, tovar eksportining esa 41,6% ini tashkil etdi.
11 oyda oltin eksporti 2023-yilda qayd etilgan tarixiy maksimum ($8,15 mlrd) ko‘rsatkichidan sezilarli darajada oshdi.
Noyabr oyida oltin-valyuta zaxiralari yana bir tarixiy rekordni qayd etdi. Ularning hajmi $61,23 mlrdga yetib, bir oyda $1,89 mlrdga oshdi. Markaziy bank omborlaridagi oltin qiymati $3,01 mlrdga ko‘payib, ilk bor $50,85 mlrdni tashkil etdi. Bu oltin zaxiralarining fizik hajmi 11,9 mln troy unsiyadan 12,2 mln troy unsiyagacha (379,46 tonna) oshgani hisobiga kuzatildi.
To‘qqiz oy ichida NKMK 95,3 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqardi — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 42,7% ko‘p. Oltin ishlab chiqarish hajmi 2,34 mln troya unsiyani tashkil etib, yillik 2% ga yuqori bo‘ldi.
Davlat kompaniyasi birinchi yarim yillikni rekord darajadagi daromad va foyda bilan yakunladi. Kompaniyaning daromadi rekord darajada $4,7 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 40,9% ga oshdi. Sof foyda yillik 71,8% ga o‘sib, $1,51 mlrdga yetdi.
Avvalroq 5 grammlik oltin quyma narxi yana 8,8 mln so‘mdan oshgani haqida xabar berilgandi. Jahon bozorida qimmatbaho metallning troya unsiyasi narxi $4500 dan oshdi.
