23-dekabr kuni o‘lchovli oltin quymalarning narxi yangi rekord ko‘rsatkichga yetdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
1 gramm oltin 1 mln 773 ming 580 so‘mga baholanmoqda. 5 grammlik o‘lchovli quyma 8 mln 868 ming so‘mdan sotilmoqda.
Regulyator tomonidan oltin quymalari bo‘yicha taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra:
- 5 gramm o‘lchovli oltin quyma narxi 8 mln 868 ming so‘m;
- 10 gramm oltin quyma narxi 17 mln 736 ming som;
- 20 gramm oltin quyma narxi 35 mln 472 ming so‘m;
- 50 gramm oltin quyma narxi 88 mln 679 ming so‘m;
- 100 gramm oltin quyma narxi 177 mln 358 ming so‘mni tashkil qiladi.
23-dekabr kuni oltinning jahon kotirovkalari troya unsiyasi uchun $4500 dan oshdi.
Xabar nashr qilinayotgan vaqtda oltinning global narxi 1 troya unsiyasi uchun $4508,80 ni tashkil qildi.

Noyabr oyida oltin quymalarni bank ilovalari orqali olish tartibi belgilangani haqida xabar berilgandi.
Endi fuqarolar oltin quymalarni bank bo‘limlariga bormasdan, mobil ilova orqali xarid qilish va sotish imkoniga ega bo‘ladi.
Avvalroq Spot oltin quymalarni qayerdan va qanday sotib olish, oltin depozitini ochish yoki tokenlarga investitsiya kiritish bo‘yicha to‘liq ko‘rsatmalarni to‘plagandi.
