O‘zbekistondagi gidroelektr stansiyalarida suv tanqisligi tufayli elektr energiyasi ishlab chiqarish kamaydi. Bu haqda 11-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi chiqishida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ma’lum qildi.

O‘zLiDeP fraksiyasi vakili Saydullo Azimov gidroelektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarishning kamayishi sabablari bilan qiziqib, gidroenergetika eng arzon energiya manbalaridan biri bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.

Savolga javob berar ekan, Energetika vaziri, bu yil mamlakatga suv oqimi o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 35% ga kamayganligini tushuntirib berdi.

“Yirik gidroelektr stansiyalari tomonidan elektr energiyasi ishlab chiqarishning kamayishiga asosiy sabab suv hajmining kamligi hisoblanadi. Biz kichik va mikro GESlar sonini ko‘paytirmoqdamiz. Quvvati 5 MVt gacha bo‘lgan kichik va mikro GESlarni ishga tushirish orqali 140 mln kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi, ammo bu juda oz miqdor. Biz, albatta, gidroenergetikani rivojlantirishni davom ettiramiz, biroq u suv resurslariga bog‘liq bo‘lgani sababli, gaz iste’molini kamaytirish maqsadida muqobil energiya manbalariga, ya’ni quyosh, shamol va energiya saqlash tizimlariga e’tibor qaratmoqdamiz”, deya ta’kidladi Mirzamahmudov.

Vazir gidroakkumulyatsiya stansiyalarini qurish rejalari haqida ma’lumot berdi. Biroq, yirik gidroelektr stansiyasini qurish 6 yildan 10 yilgacha davom etadi, shuning uchun qisqa muddatda energiya ta’minotining eng arzon usuli “yashil” energetika hisoblanadi, deya qo‘shimcha qildi u.

Sentabr oyida Energetika vazirligi rahbari Xitoy bilan O‘zbekistonda gidroakkumulyatsiya stansiyalarini qurish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani haqida gapirgan edi.

Suv tangligi

Yaqinda Qirg‘iziston energetika vaziri Taalaybek Ibrayev O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston Jahon bankining REMIT dasturi ko‘magida chegara hududlaridagi elektr uzatish liniyalarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish bilan shug‘ullanayotganini ma’lum qildi.

Dekabr oyi o‘rtalarida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston qo‘shni davlatlar — Qirg‘iziston va Tojikistonga 2,6 mlrd kVt/soat elektr energiyasi yetkazib berishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi. Bu vegetatsiya davrida suvga bo‘lgan talabni talab darajasida ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Qirg‘iziston va Tojikistonga elektr energiyasi yetkazib berishni ko‘paytirdi, chunki bu yil yoz oylarida deyarli yog‘ingarchilik bo‘lmagani sababli suv 35 foizga kamaydi. Natijada, yozda mahalliy fermerlar sug‘orish uchun suv tanqisligini his qilmadilar, dedi u.

“Ilgari biz sof importyor bo‘lgan bo‘lsak, ya’ni elektr energiyasi importi eksportdan yuqori bo‘lgan bo‘lsa, bu yildan boshlab ijobiy balansga o‘tib, sof eksportyorga aylandik. Bu qo‘shimcha zaxiralar va energiya quvvatlarini yaratish orqali amalga oshirildi,” — dedi vazir.

O‘tgan hafta O‘zbekiston Tojikistonga elektr energiyasi yetkazib berishni boshlagani ma’lum bo‘ldi. Ta’minot kuniga 2 million kVt/soatgacha amalga oshiriladi va O‘zbekiston energiya tizimining imkoniyatlari oshishi bilan o‘sishi mumkin.