Sanoat zonalarini boshqarish tizimi takomillashtiriladi. Bu haqdagi tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.

Hujjat bilan sanoat zonalari direksiyalarining sanoat zonalari ishtirokchilariga xizmat ko‘rsatishni tashkil etish loyihalarini joylashtirish uchun tayyor bino va inshootlar qurishda yer uchastkalarining ijara huquqi bilan ulushdor bo‘lib kirish tartibi belgilanadi. Ushbu tartib sanoat zonalari infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan.

Ushbu tartib sanoat zonalarida xizmat ko‘rsatishni tashkil etish loyihalarini joylashtirish uchun tayyor bino va inshootlar qurishga qaratilgan loyihalarga tatbiq etiladi. Bunda yer uchastkalarining ijara huquqi bilan ulushdor bo‘lib kirish qiymati $100 ming ekvivalentidan ortiq bo‘lishi shart.

Xo‘jalik jamiyatining ustav fondiga kiritish belgilangan yer uchastkasi direksiyaning mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lishi lozim.

Yer uchastkasining ijara huquqi qiymati shaklidagi direksiya ulushi xo‘jalik jamiyati ustav fondining 49%idan oshmasligi shart.

Xo‘jalik jamiyatining ustav fondidagi ishtirokchilarning birgalikda faoliyat yuritish shartlari investitsiya bitimida belgilanishi lozim.

Oktabr oyida O‘zbekistonda 33 ta namunali tuman va shahar barpo etilishi belgilangandi. Har bir tumanda yiliga $50 mlnlik 10 ta yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.


Avvalroq Gulistonda 5 ming ish o‘rinli O‘zbekiston — SHHT savdo va sanoat zonasi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.