O‘zbekistonda katta quvvatga ega ikkinchi atom elektr stansiyasini qurish imkoniyati istisno etilmayapti. Bu haqda 23-dekabr kuni O‘zatom direktori Azim Ahmedxo‘jayev jamoatchilik eshituvi doirasida OAVga ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
“Hozirda bunday [ikkinchi AESni qurish] rejalarimiz yo‘q. Shunchaki, xalqaro tashkilotlar va tegishli loyiha institutlari qurilish maydonida o‘tkazgan o‘rganishlar bunday joylashtirish imkoniyatini aniqladi. O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli o‘sishi va rejalarni hisobga olgan holda, agar qaror qabul qilinsa, yana ikkita [katta quvvatli] blokni qo‘shishimiz mumkin. Lekin hozir bizning rejada ikkita kichik va ikkita katta [reaktorlar] bor”, — dedi u.
Agentlik rahbarining aniqlik kiritishicha, agar mamlakat rahbariyati taqdim etilgan tahliliy ma’lumotlarga muvofiq AES loyihasini kengaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilsa, O‘zatom bu yo‘nalishda qo‘shimcha ishlarni amalga oshiradi. “Bugungi kunda o‘rganilgan maydon bunday joylashtirish imkoniyatini ko‘rsatmoqda”, — deya xulosa qildi Ahmedxo‘jayev.
Jizzax viloyatida integratsiyalashgan AESni joylashtirish loyihasi sxemasidan ma’lum bo‘lishicha, yirik stansiya quvvatini ikki baravar oshirish rejalashtirilmoqda.
E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, bo‘lajak stansiya maydonida to‘rtta yirik quvvatli energoblok quriladi. Ulardan ikkitasi Rossiyaning VVER-1000 reaktorlari hisoblanadi, avvalroq faqat ikki reaktor haqida xabar berilgandi. Har bir blok uchun ikkita gradirnya qurilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, RITM-200N kichik modulli reaktori, qurilish-montaj bazasi, meteorologik maydoncha, chiqindilarni ko‘mish joylari, radiatsiyaviy vaziyatni nazorat qilish tizimi inshootlari va ikkita kuchlanish darajasi: 500 kV va 220 kV bilan ishlaydigan ochiq taqsimlash inshootini qurish ko‘zda tutilgan. AES maydoniga avtomobil va temir yo‘llar quriladi.

Bundan tashqari, yirik AESdagi reaktorlar sonini to‘rttagacha oshirish O‘zbekistonning 2040-yilgacha mo‘ljallangan energiya balansi strategiyasiga ham kiritilgan. Bu haqda Energetika vazirligi taqdimotida qayd etilgan (Spot ixtiyorida mavjud).
2030-yilda mamlakat energetika tizimida ilk bor atom generatsiyasi paydo bo‘ladi — uning o‘rnatilgan quvvati 0,3 GVtni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich 2035-yilgacha o‘zgarishsiz qoladi, 2035-yildan esa quvvat 2 GVtgacha oshadi. 2040-yilga kelib, atom energetikasi allaqachon 4 GVt quvvatni ta’minlaydi va bu bo‘yicha ko‘mir generatsiyasini ortda qoldiradi.
Avvalroq Spot Yaponiya O‘zbekistonda kichik AES energiyasida 50 MVt quvvatga ega data-markaz qurishi haqida yozgandi.
