The New York Times jurnalisti OpenAI, Google, Anthropic va xAI’ni chatbotlarni o‘qitish uchun mualliflik huquqi bilan himoyalangan kitoblardan foydalanganlik uchun sudga berdi.
Jon Karreyru kompaniyalarni kitoblarni noqonuniy nusxalashda va ulardan katta til modellarini o‘qitishda foydalanishda aybladi, deya xabar bermoqda Reuters.
Qayd etilishicha, da’vo boshqa beshta muallif bilan birgalikda Kaliforniya federal sudiga topshirilgan.
Shu bilan birga, ular yirik jamoaviy da’voga birlashishni xohlamadilar, chunki sudlashuvning bunday shakli javobgarlarga qo‘l keladi deb hisoblashdi.
Sababi, bu usul ko‘p sonli da’vogarlar bilan yagona kelishuvga erishish imkonini beradi.
“Sun'iy intellekt kompaniyalari arzon narxlarda minglab da’volarni shunchaki oson bekor qilish imkoniyatiga ega bo‘lmasliklari kerak,” — deb ta’kidlanadi da’vo arizasida.
Ushbu ish bo‘yicha javobgarlar sifatida OpenAI, Google, Meta, Anthropic va xAI kompaniyalari ko‘rsatilgan.
Sentabr oyida Tramp tuhmat uchun The New York Times gazetasini sudga bergani haqida xabar berilgandi.
AQSH prezidenti $15 mlrdlik da’vo arizasi bilan uning nomini “jazosiz qoralab, yolg‘on ma’lumotlar tarqatib kelgan” nashr harakatlarini to‘xtatmoqchi.
Dekabr oyi boshida The New York Times gazetasi Perplexity kompaniyasiga qarshi mualliflik huquqlarini buzganlik va brendga zarar yetkazganlik ayblovlari bilan sud da’vosi qo‘zg‘atdi.
Nashrning ta’kidlashicha, so‘nggi 18 oy davomida u Perplexity’dan o‘z materiallaridan foydalanishni to‘xtatishni bir necha bor talab qilgan.
