So‘m mustahkamlanishi fonida uy-joylar narxi dollarda tezroq o‘sdi. Bu haqda Markaziy bankning ko‘chmas mulk bozori tahlilida keltirilgan.
Joriy yilning uchinchi choragida ko‘chmas mulk bozoridagi faollik yuqori darajada shakllandi. Dastlabki 9 oy yakunlariga ko‘ra, ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bilan bog‘liq shartnomalar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12,8% ga o‘sib, 229,8 mingtani tashkil qildi.
Ayrim hududlarda o‘rtacha darajadan yuqori o‘sish kuzatildi. Xususan, Farg‘ona vodiysida o‘sish sur’atlari 7−8% atrofida saqlanib qolgan bo‘lsa, Toshkent viloyatida bu ko‘rsatkich 1,7% ni tashkil etdi.

Bozordagi faollik ipoteka kreditlari hajmining ko‘payishi (+14,9%), aholi daromadlari (+8,4%) va pul o‘tkazmalari o‘sishi hamda qurilish sohasidagi yuqori faollik bilan izohlanmoqda.
Uy-joylarni foydalanishga topshirish sur’atlari sekinlashgan bo‘lsa-da, barqarorligicha qolmoqda: 9 oyda 11,1 mln kvadrat metr uylar topshirildi — bu o‘tgan yilga nisbatan 2,4% ko‘p.
O‘sish asosan yakka tartibdagi uy-joylar hisobiga ta’minlanmoqda, ko‘p qavatli uylar bo‘yicha esa qurilishlar davom etayotgani sababli ko‘rsatkichlar pastroq shakllangan. Aholining uy-joy qurilishiga kiritayotgan investitsiyalari ham ortib, uchinchi chorakda jami investitsiyalarning 6% ini (yil boshidan 7,2%) tashkil etdi.
Uy-joylar narxlari oldingi choraklardagi o‘rtacha ko‘rsatkichlar atrofida shakllanib, mo‘tadil o‘sish taklif hisobiga ta’minlanmoqda, talab esa nisbatan muvozanatlashdi.
So‘m mustahkamlanishi fonida dollardagi uy-joy narxlarining yillik o‘sishi tezlashgan bo‘lsa, so‘m indeksida oldingi tendensiyalar saqlanib qoldi.
Bu esa hisob-kitoblar asosan xorijiy valyutada yuritilishi sabab, sotuvchilar o‘z aktivlari qiymatini so‘mda saqlab qolish uchun narx kutilmalarini moslashtirayotgani bilan izohlanadi.
Sentabr oyi yakunlariga ko‘ra, birlamchi uy-joy narxlari so‘mda 2,4%, dollarda 5,5% ga, ikkilamchi bozorda esa mos ravishda 1,8% va 5% ga oshdi.
Bundan tashqari, ijara bozorida avgust-sentabr oylaridagi mavsumiy talab sharoitida faollik va narxlar o‘sishi tezlashdi.
Sentabrda ijara narxlarining yillik o‘sishi Toshkentda dollar hisobida 5,4% ga, mamlakat bo‘yicha esa 8,4% ga yetdi. Narxlar o‘sishining tezlashishi ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlar o‘sishi o‘rtasidagi tafovutni qisqartirmoqda.
Avvalroq Spot noyabrda Toshkentda o‘rtacha ijara narxi 5% ga oshgani haqida yozgandi. Yuqori ijara narxlari Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida saqlanib qolmoqda.

